Oq uy Daniya orolni moliyalashtirish uchun taxminan 600 million dollar ajratmoqda.
Grenlandiya oroli Qo‘shma Shtatlar tarkibiga qo‘shilgan taqdirda, uni ta’minlash xarajatlari qanchaga tushishi hisoblab chiqildi. Bu haqda uchta ishonchli manbaga tayanib, The Washington Post xabar berdi.
So‘nggi haftalarda Oq uy amaldorlari Grenlandiyaning 57 ming aholisiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish qiymatini hisoblamoqda. Byudjet boshqarmasi xodimlari ehtimoliy xarajatlarni va orolning tabiiy resurslaridan olinishi mumkin bo‘lgan daromadni ham inobatga olmoqda.
Oq uyning ko‘rib chiqilayotgan variantlaridan biri Grenlandiya hukumatiga Kopengagen bilan hozirgi kelishuvdan ko‘ra manfaatliroq bitim taklif etishdir. Hozirda Daniya orolni moliyalashtirish uchun taxminan 600 million dollar ajratmoqda. Amerikalik amaldorlardan biri AQSH bundan ancha ko‘proq mablag‘ taklif qilishga tayyorligini aytdi.
Ma’lumot uchun, Grenlandiya — Shimoliy Muz va Atlantika okeanlari oralig‘ida joylashgan dunyodagi eng katta orol. Deyarli 300 yil davomida u Daniya nazorati ostida bo‘lib, keng avtonomiyaga ega. Orol aholisi taxminan 57 ming kishini tashkil qiladi.