Toshkent viloyatida ko‘p qavatli uy qurilishi to‘xtatildi

Yangiliklar  ●  4 months ago

Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida ko‘p qavatli uy qurilishi to‘xtatildi.

Ma’lum qilinishicha, “Surum” mahallasida qurilayotgan mazkur ko‘p qavatli turar joy binosining holati hamda loyihalari inspeksiya xodimlari tomonidan o‘rganilganda, ushbu turar joy komplekslarining ayrim bloklari davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, yaʼni belgilangan tartibdagi hujjatlarsiz, davlat nazoratisiz qurilayotgani aniqlangan.


U yerda A8-blokkacha ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, A9, A10, A11-bloklar ro‘yxatdan o‘tmagan, noqonuniy holatda qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan. D1, D2 bloklarida ham xuddi shunday holat aniqlangan.

Monitoring jarayonida boshqa bloklardagi qurilish ishlari ko‘zdan kechirilganda, ishchilar xavfsizligi taʼminlanmagani, ayrim yuk ko‘taruvchi beton konstruksiyalarining yuza qismida g‘ovaklar borligi aniqlangan. Shu bilan birga, obyektning ostki qismida suv to‘planish holatlari kuzatilgan.

“Bino fundament qismiga drenaj, suv qochirish tizimlari ko‘zda tutilgan, amalda suv qochirish tizimlari o‘rnatilmagan. Shu sababli, bino fundament qismi suv ostida qolmoqda. Vaholanki, bu bino fundamentiga zarar yetkazishiga olib keladi”, deydi monitoringda qatnashgan inspeksiya xodimi.

Xabarda aytilishicha, mazkur holatlar yuzasidan o‘zboshimchalik bilan, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan qurilayotgan bloklardagi barcha qurilish ishlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilguniga qadar to‘xtatildi. Shu bilan birga, sifatsiz bajarilgan qismlarning buzilishi, ishchilarning xavfsizligini to‘liq taʼminlash hamda hududda drenaj tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha inspeksiya xodimlari tomonidan belgilangan muddatda bajarilishi shart bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi.

Follow
Loading

Signing-in 3 seconds...

Signing-up 3 seconds...