Tunnellar konchilik, harbiy, transport va suv manbalarini tarqatish kabi maqsadlarda barpo qilinadi va foydalanishga topshiriladi. Bugun siz bilan dunyoning eng uzun transport tunnellari haqida gaplashamiz va ularning g'ayrioddiyligidan bahramand bo'lamiz.

1. Gottard tayanch tunneli. Shveysariya.

Shveysariyadagi 57,1 kilometr uzunlikdagi mazkur temir yo'l tunnelining (xizmat va piyodalar o'tish yo'llari bilan hisoblaganda 151,84 kilometr) shimoliy portali Erstfeld qishlog'i yaqinida, janubiy portali Bodio qishlog'i yaqinida joylashgan.

Foto: «Transportinfo.fr» 

2010 yil 15 oktyabrda sharqiy va 2011 yil 23 martda g'arbiy qismlari qurib bo'lingandan so'ng u dunyodagi eng uzun temiryo'l tunneliga aylandi. Tunnel foydalanishga topshirilgandan so'ng Syurixdan Milangacha bo'lgan sayohat vaqti 3 soatu 40 daqiqadan 2 soatu 50 minutgacha qisqardi. Uning tijoriy ekspluatasiyasi 2016 yil 11 dekabrda boshlangan. Mazkur tunnelni qurish g'oyasi 1947 yildayoq ilgari surilgan. Qurilishda bir vaqtning o'zida 3500 dan ortiq ishchi, shu jumladan, muhandislar, analitiklar va geologlar ishlagan. Majmua ikkita tunneldan iborat bo'lib, ular bo'ylab poezdlar qarama-qarshi yo'nalishda harakatlanadi. Tunnel ichida ikkita ko'p funksiyali temiryo'l vokzali mavjud. 2015 yil 1 oktyabrda u orqali ilk sinov harakati amalga oshirilgan va 2016 yil 31 maygacha davom etgan. Bu vaqt ichida tunnel orqali soatiga 275 kilometr tezlikda 5 ming poezd harakatlangan. Sinovlarni o'tkazish uchun Shveysariya temiryo'llarining harakatlanuvchi tarkibi va Germaniyadan maxsus ICE-S ijaraga olingan.

2. Seikan tunneli. Yaponiya.

Uzunligi 53,85 kilometr bo'lgan temiryo'l tunneli Sangar bo'g'ozi ostidan o'tib, Yaponiyaning Xonsyu orolidagi Aomori prefekturasini va Xokkaydo orolini bog'laydi. Tunnel o'zining 23,3 kilometr uzunlikdagi suvosti korpusiga ega (u dengiz sathidan 100 metr pastgacha tushadi). Tunnel 1988 yil 13 martda foydalanishga topshirilgan.

Foto: «Britannica» 

G'oya 1939 yilda tug'ilgan, 1946 yilda kun tartibiga kirgan. 1953 yilda loyihaning maqsadga muvofiqligi mamlakat parlamenti tomonidan e‘tirof etilgan. Tunnel qurilishi g'oyasi paydo bo'lishining asosiy sababi 1954 yilda Sangar bo'g'ozida sodir bo'lgan keng ko'lamli dengiz halokati edi: tayfun paytida orollar orasidan o'tib ketayotgan beshta gavjum parom cho'kib ketgan va 1500 ga yaqin odam halok bo'lgan. Tadqiqot ishlari halokatdan so'ng darhol boshlangan va 1955 yilda Yaponiya hukumati olimlar va mutaxassislarning fikrlarini o'rganib chiqib, qurilish ishlarini boshlash mumkin, degan xulosaga kelgan. Qurilish ishlari 1964 yildan 1988 yilgacha davom etdi va unda 14 millionga yaqin odam ishladi. Tunnel qurilishining moddiy qiymati 19641–988 yillarda 538,4 milliard ienani 93,6 milliard dollar) tashkil etdi. 2016 yil 26 martda tunnel Xinkaydo orolidagi Tokio va Hakodate shaharlari orasidagi 863 kilometr masofani 4 soatu 2 daqiqada bosib o'tadigan «Sinkansen» tezyurar poezdlari harakati uchun ochildi.

3. Yevrotunnel.

Uzunligi 51 kilometr bo'lgan mazkur ikki yo'lli tunnel kontinental Yevropani Buyuk Britaniya bilan temiryo'l orqali bog'laydi. Uning sharofati bilan Parijdan Londonga yetib borish vaqti 2 soatu 15 daqiqaga qisqardi.

Foto: «La voix du nord» 

Tunnelning ochilish marosimi 1994 yil 6 mayda bo'lib o'tdi. Xuddi shu yili Amerika qurilish muhandislari jamiyati Yevrotunnelni dunyoning yetti mo'‘jizasidan biri deb e‘lon qildi. Yevrotunnelning uzunligi 23,3 kilometr bo'lgan suvosti korpusi uzunligi bo'yicha Seikan tunneli korpusini ortda qoldirib, suvosti uzunligi bo'yicha rekord o'rnatdi. Yevrotunnel, shuningdek, eng uzun xalqaro tunnelga aylandi.

La-Mansh ostida tunnel qurish g'oyasi XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida Nor-Pa-de-Kale hududida paydo bo'lgan. 1802 yilda fransuz muhandisi Alber Mate-Fave tunnel qurish g'oyasini ilgari surdi. Loyihaga ko'ra, tunnel yog'li lampalar bilan yoritilishi va unda ot aravalar harakatlanishi kerak edi. O'sha paytda qurilish qiymati 1 million funt sterlingga baholangan. Loyiha Napoleon I tomonidan Buyuk Britaniya va Fransiya o'rtasida tinchlik shartnomasi tuzilayotgan paytda taklif qilingan, biroq Uchinchi koalisiya urushi tufayli u qog'ozda qolib ketgan. Bu orada tunnel qurilishi bo'yicha yana bir necha bor amaliy va nazariy jarayonlar sodir bo'ldi va ayrim sabablarga ko'ra to'xtab qoldi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin tunnel qurish g'oyasi yana jonlandi. 1957 yilda tadqiqot guruhi tuzildi, guruh 1960 yilda o'z hisobotida ikkita asosiy tunnel va bitta xizmat tunnelini qazish taklifi bilan chiqdi. Loyiha 1973 yilda tasdiqlandi va ishga tushirildi. 1984 yilda Buyuk Britaniya va Fransiya hukumatlari qo'shimcha mablag'larni jalb qilmasdan turib, qurilish ishlarini yakunlash imkonsiz, degan xulosaga keldi. Xullas, shu kabi to'xtalish, tanaffus va muammolarga qaramay, dunyodagi eng uzun uchinchi tunnel barpo bo'ldi va u bugun millionlab odamlarga xizmat qilmoqda.

4. Yulxyon tunneli. Janubiy Koreya.

Mazkur tunnel 2016 yil dekabrda ochilgan bo'lib, u 50,3 kilometr uzunlikdagi dunyodagi to'rtinchi uzun temiryo'l tunneli hisoblanadi.

Foto: «Republicworld.com» 

Ikki yo'lli trubadan tashkil topgan tunnel Seulning janubi-sharqiy qismidagi Suseo stansiyasini Geongbu tezyurar temiryo'li bilan bog'laydigan 61,1 kilometrli Suseo-Pxentaek tezyurar temiryo'lining bir qismidir. Yulxyon tunneli Yangi Avstriya tunnel usuli (NATM) yordamida qurilgan bo'lib, u maksimal 300 km/soat tezlikka mo'ljallangan. 2021 yil 14 aprelda tashqi audit tunnel ochilganidan beri mavjud bo'lgan strukturaviy va dizayn kamchiliklarini aniqladi.

Tekshiruv ishlari shuni ko'rsatdiki, bir nechta omillar, shu jumladan, beparvo geologik tadqiqotlar va ruxsat etilmagan qurilish usullari yo'lning deformasiyalanishiga olib keldi, konstruksiyasini notekis qilib qo'ydi. Bu esa harakatdagi poezdlarning haddan tashqari tebranishiga olib keldi va harakat tezligini soatiga 240 kilometrdan pastgacha pasaytirdi. Bu ko'rsatkich ba‘zi uchastkalarda soatiga 90 kilometrni tashkil qilmoqda.

5. Songshan ko'li tunneli. Xitoy.

Bu tunnel Xitoyning Dongguan shahrida joylashgan ko'plab tunnellaridan biri bo'lib, uzunligi 38,89 kilometrga yetadi. 2016 yilda qurib bitkazilgan va Dongguan-Huizhou shaharlararo temiryo'l qatnovini osonlashtirish uchun xizmat qiladigan tunnel Songshan ko'li orqali o'tgani uchun ham shunday nomlanadi.

6. Lotschberg tayanch tunneli. Shveysariya.

2007 yil iyun oyida ochilgan mazkur tunnelning uzunligi 34,57 kilometrni tashkil etadi. Tayanch tunnel Alp tog'lari ostidagi eski Lotschberg temiryo'l tunnelidan 400 metr pastdan o'tadi. Undan foydalanish uchun yo'lovchi va yuk poezdlariga ruxsat beriladi. 

Foto: «Wikipedia» 

Shveysariya yo'llarida yuk tashishni kamaytirish uchun qurilgan Lotschberg chizig'idagi yangi tunnel, shuningdek, Shveysariyaning tog'-chang'i kurortlariga boradigan nemis sayyohlarining sayohat vaqtini 50 foizga qisqartirdi. Tunnel qurilishining umumiy qiymati 4,3 milliard Shveysariya frankini tashkil etadi. Tunneldan kuniga taxminan 110 ta poezd foydalanib, shundan 30 tasi yo'lovchi, 80 tasi yuk, shu jumladan, intermodal yuk va og'ir yuk poezdlari hisoblanadi.

7. Yangi Guanjiao tunneli. Xitoy.

Mazkur ikki yo'lli temiryo'l tunnelining umumiy uzunligi 32,645 kilometrni tashkil etadi va bu ko'rsatkich uni Xitoyning eng uzun temiryo'l tunneliga aylantirgan. Yangi Guanjiao tunneli tezligi soatiga 160 kilometrgacha bo'lgan transport uchun ikkita parallel yo'ldan iborat qilib barpo etilgan. Tunnel qurilishidan oldin bu jarayon 5 yil davom etishi taxmin qilingan. U murakkab geologik sharoitda joylashgan bo'lib, ba‘zi joylarda uning balandligi dengiz sathidan 3300 metrgacha oshadi. Tunnelning qurilish ishlari 2007 yilda boshlangan va 2014 yil aprelda yakun topgan. U 2014 yil 28 dekabrda foydalanishga topshirilgan.

8. Guadarrama tunneli. Ispaniya.

Ispaniyadagu Madrid-Leon tezyurar temiryo'lining asosiy qismini tashkil etuvchi Serra-de-Guadarrama bo'ylab tushgan mazkur temiryo'l tunneli ikkita alohida parallel quvurlardan iborat bo'lib, g'arbiy quvurning uzunligi 28,407 metr, sharqiy quvurining uzunligi 28,418 metrni tashkil etadi. 

Foto: «Ciudadfcc.com» 

Guadarrama tunnelining qurilishi rasman 2002 yil 28 sentyabrda boshlangan. Tunnel 2007 yil dekabr oyida transport harakati uchun ochilgan bo'lib, undan asosan AVE tezyurar yo'lovchi poezdlari foydalangan. Guadarrama tunneli poytaxt bilan Ispaniyaning shimoliy va shimoli-g'arbiy qismlari o'rtasida poezdlar harakatini osonlashtiradigan Madrid-Leon tezyurar temiryo'lining eng muhim qurilish ishlari sifatida ishlab chiqilgan. Undan foydalanish tezligi soatiga 350 kilometrni tashkil qiladi.

9. G'arbiy Sinlin tunneli. Xitoy.

28,236 kilometr uzunlikdagi mazkur temiryo'l tunneli Xitoyning ikkinchi uzun temiryo'l tunneli hisoblanadi. Uning qurilish ishlari 2008 yil avgust oyida boshlangan va 5,5 yil davom etgan. Tunnel yuk tashish va Longnan shahrini Gansu provinsiyasi tarkibidagi Vaina, Luotang va Fengxiang shaharlari bilan bog'lash uchun xizmat qiladi. Turli ma‘lumotlarga ko'ra, u transport harakatlari vaqtini 17,5 soatdan 6,5 soatgacha qisqartiradi.

10. Tayxang tunneli. Xitoy.

Xitoyning shimolidagi Yangi Guanjiao va G'arbiy Sinlin tunnellaridan keyin uchinchi eng uzun tog' temiryo'l tunneli Shiszyachjuan—Tayyuan tezyurar temiryo'lining Tayxang tog'laridan o'tish imkonini berish uchun qurilgan ikki yo'lli tunnelidir. Tunnel chap yo'lining uzunligi 27,839 metr, o'ng tomonining uzunligi esa 27,848 metrga yetadi. Tunnel qurilishi 2005 yil 11 iyunda boshlangan va u 2007 yil 22 dekabrda foydalanishga topshirilgan. Tayxang tunnelining ochilishi va tezyurar temiryo'l qurilishi tugagandan so'ng Shiszyachjuandan Tayyuangacha bo'lgan sayohat vaqti deyarli olti soatdan bir soatgacha qisqargan.

Bizda hozircha shular. Yana reytinglashguncha deb qolamiz.