Shavkat Mirziyoyev 12 oktyabr kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma‘lum qilinishicha, davlat rahbari Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilgan. Qur‘on tilovat etilib, Alloh taolodan tinchlik-farovonlik tilab, duo qilingan. Prezident va ulamolar suhbatida ilmning ahamiyati, yoshlar tarbiyasi haqida so'z borgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

«Buxoro — azaldan ilm, ma‘naviyat markazi. Qadimda bu yerda 30 dan ortiq oliy madrasa bo'lgan. Hech qaerdan buncha ko'p ulamo chiqmagan. Bugun ham yoshlar tarbiyasida, jaholatga qarshi ma‘rifat bilan kurashishda Buxoroning o'z o'rni bor», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, davlat rahbari ziyoratgohlarni va ularga olib boradigan yo'llarni obod qilish, ichki turizmni rivojlantirish muhimligini ta‘kidlagan. «Ziyorat xalqimizning ajdodlarga bo'lgan hurmatini, yoshlar dunyoqarashini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuning uchun bu yerga boshqa hududlardan yangi yo'nalishlar ochib, yoshlarni olib kelish, bilimini oshirish muhim», — dedi Prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurgani va Qarshi shahridagi Prezident maktabiga borgani xabar qilingan.