Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati Qorako'l tumanidagi Xalqaro matematika maktabi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma‘lum bo'lishicha, bu muassasa 2009 yilda ixtisoslashtirilgan umumta‘lim maktabi shaklida tashkil etilgan. U yaqin-yaqingacha zamonaviy sharoitga ega bo'lmagan. Ammo bu yerda yo'lga qo'yilgan o'ziga xos ta‘lim uslubi oddiy qishloq maktabini mamlakat darajasidagi mashhur ta‘lim dargohiga aylantirgan. Qayd etilishicha, uch yilda maktab bitiruvchilarining barchasi oliy o'quv yurtlariga o'qishga kirgan va xalqaro olimpiadalardan eng ko'p medal olgan. Maktabda mamlakatning barcha hududidan o'quvchilar kelib o'qiyotgani ta‘kidlangan.

Maktab Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 avgustdagi qarori bilan Xalqaro matematika maktabi sifatida qayta tashkil etilgan. Sobiq kasb-hunar kolleji binosi kapital ta‘mirlanib, maktab ixtiyoriga berilgan. Bu yerda 64 ta xona, sport zali, kutubxona jihozlangan va o'quvchilar uchun yotoqxona qurilgan. Aytilishicha, maktabga o'quvchilar iqtisodiyot, texnika va tabiiy fanlar bo'yicha Davlat test markazi testlari asosida 7-sinfdan qabul qilinadi. Hozirda maktabda 470 nafar o'g'il-qiz o'qiydi. Ularga 60 nafardan ziyod malakali o'qituvchilar dars beradi.

Prezident tashrif davomida maktab jamoasi bilan suhbatlashgan. «Hamma sohalarda katta islohotlarni boshladik. Xorijdan eng zamonaviy texnologiyalarni olib kelyapmiz. Ulardan foydalanish uchun ilm, salohiyatli kadrlar kerak. Sizlar qanchalik bilimli bo'lsangiz, boshlagan ishlarimiz samarali bo'ladi, davlatimiz shuncha rivojlanadi. Ta‘lim va muallimlarga doimiy e‘tibor qaratamiz», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda xalqaro matematika maktabining tajribasini ommalashtirish, IT mutaxassislar tayyorlashga doir loyihalar taqdimot qilingan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Avvalroq Prezident Qashqadaryodagi «Qatag'on qurbonlari xotirasi» muzeyiga borgandi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Buxoroga tashrif buyurgani xabar qilingan.