Qamchiq dovonining 240-kilometrida 12 oktyabr kuni Toshkent–Vodiy yo'nalishida harakatlangan «Spark» yo'l tagidan suv o'tkazuvchi inshootga tushib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati

Ma‘lum bo'lishicha, voqeaga avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo'qotishi sabab bo'lgan. Zudlik bilan voqea joyiga «Qamchiq» maxsus qidiruv, yong'in-qutqaruv boshqarmasining qutqaruvchilari, yo'l-patrul xizmati va tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgan. Qutqaruvchilar tomonidan maxsus anjomlar yordamida avtomashinada bo'lgan haydovchi va bir nafar yo'lovchi chiqarib olinib, tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati

Shundan so'ng maxsus avtokran yordamida suv o'tkazuvchi inshootdan avtomashina chiqarib olingan. Qutqaruvchilar amalga oshirgan harakatlar natijasida ikki inson hayoti saqlab qolingan. Hozirda shifokorlar tomonidan yengil tan jarohati olgan ikkala fuqaroga ham uyiga javob berilgan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati

Avvalroq Qamchiq dovonida temir to'siqqa urilgan yuk mashinasi yo'l o'rtasida to'xtab qolgandi. Shuningdek, dovonda haydovchi boshqaruvni yo'qotishi sabab «Cobalt» ag'darilib ketgan.