«Tolibon» harakati mamlakatdagi qarshilik kuchlari joylashgan Panjsher vodiysiga qo'shimcha harbiy qurollar jo'natdi. Bu haqda «Sputnik Afg'oniston» xabar berdi.

Foto: «TASS»

Ma‘lum qilinishicha, o'q-dori bilan to'ldirilgan harbiy avtomobillar Panjsher vodiysiga Xenj hududidan olib o'tilgan. Xenj hududida yashovchi mahalliy aholining so'zlariga ko'ra, harakat har kuni hududdan o'q-dori va boshqa harbiy yukka to'la 100 ta mashina bilan o'tmoqda.

 Foto: «Aamaj News»

Ma‘lumot o'rnida, Panjsher qarshilik kuchlari «Tolibon» harakatining aholi punktlaridan biriga qilgan hujumini qaytarib, harakatga jiddiy zarba bergandi.

«1TVNews» telekanalining sobiq xodimi Mujohid Andorobiyning qarshilik kuchlari qo'mondoni G'aniga tayanib, ma‘lum qilishicha, to'qnashuvda 15 nafar «Tolibon» harakati a‘zosi o'ldirilgan, 10 nafari esa asirga olingan.

Qayd etilishicha, ikki tomon o'rtasidagi to'qnashuv Andarob vodiysining Xoj aholi punktida yuz bergan. Xoj tog'li hudud bo'lgani bois qarshilik kuchlariga uni himoya qilish uchun katta imkoniyat yaratgan.

Avvalroq Panjsher qarshilik kuchlari «Tolibon» harakati qo'mondonlaridan biriga qarshi «ov» e‘lon qilgandi. Shuningdek, ularning ayni paytda nima bilan shug'ullanayotgani ko'rsatilgandi.