O'zbekiston Prezidenti sayloviga 10 kun qoldi. Bu orada siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti avjiga chiqdi. Har bir nomzod viloyatlardagi saylovchilar bilan uchrashib chiqmoqda. Xo'sh, ularning targ'ibot-tashviqot ishlari qanday ketmoqda? Saylovchilar qanday fikrda? Partiyalarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi qanday? Shu va shu kabi savollarga siyosiy fanlar bo'yicha falsafa doktori, dosent Rustam Rashidov javob beradi.

Foto: «Bugun.uz»

Nomzodlarning saylovoldi dasturida ilgari surayotgan g'oyalari haqida

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi nomzodi Alisher Qodirov pedagogika to'la ravishda davlat tasarrufida bo'lishini va oliy ta‘lim tizimini tubdan qayta ko'rib chiqish kerakligini ta‘kidlamoqda. Bu borada saylovchilarning ma‘lum bir qismi nomzod bilan hamfikr bo'lmoqda.

Foto: Xalqaro press klub

Alisher Qodirovning fikricha, «bo'lajak pedagoglarni ruhiy testdan o'tkazish kerak. U bolani yaxshi ko'radimi, yo'qmi, bilishimiz zarur. Surxondaryoda bo'lgani kabi yig'layvergan bolani qo'rqitish uchun pichoq ko'rsatmaydigan, Qashqadaryoda bo'lgani kabi jahli chiqib qolgan paytda bolani urib, ko'r qilib qo'ymaydigan, dars qilib kelmagani uchun seva oladigan insonlarni saralab olishimiz lozim».

Xalq demokratik partiyasi nomzodi Maqsuda Vorisova aholini kam ta‘minlangan qatlamiga bepul, sifatli va to'laqonli birlamchi tibbiy yordam ko'rsatish masalasini ko'tarmoqa. U, bundan tashqari, ushbu qatlamni ikki baravarga qisqartirish bo'yicha samarali ishlarni amalga oshirish, iqtisodiyotning innovasion ilg'or texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tarmoqlarini jadal rivojlantirish maqsadida samarali moliyaviy hamda soliq imtiyozlari qo'llashni ilgari surmoqda.

Foto: «Bugun.uz»

O'zbekiston Ekologik partiyasi nomzodi Narzullo Oblomurodovning targ'ibot-tashviqot tadbirlari chog'ida asosiy urg'u saylovoldi dasturidan joy olgan «yashil» iqtisodiyotni barpo etish masalalariga qaratildi.

Foto: «Gazeta.uz»

Ammo saylovchilar ushbu nomzodning faoliyatiga, xususan, atrof-muhitga qarshi jinoyatlarga, ayniqsa, daraxtlarning ko'plab kesilishi bilan bog'liq masalalarga mutlaqo befarqligiga tanqidiy baho bermoqda. U, xususan, Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuv chog'ida maktab talimini rivojlantirish va ta‘lim sifatini yanada oshirish tarafdori ekani haqida atroflicha fikr yuritdi.

«Adolat» sosial demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abduhalimov saylovoldi uchrashuvlari chog'ida jamiyatda xotin-qizlarning rolini oshirish hamda yosh avlodni yetuk va bilimli qilib tarbiyalash masalasiga alohida to'xtaldi. Xususan, u ham Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuv chog'ida maktab talimini rivojlantirish va ta‘lim sifatini yanada oshirish tarafdori ekani haqida atroflicha fikr yuritdi.

Foto: «Bugun.uz»

Bundan tashqari, «Adolat» nomzodi mamlakatda yuzaga kelgan ekologik muammolarga nisbatan O'zbekiston ekologik partiyasining befarqligi, mazkur muammolarga nisbatan o'zining faol partiyaviy pozisiyasini ko'rsatmayotganini ham tanqid qilib o'tdi.

O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan boshqa nomzodlarning saylovoldi tashviqotidagi umumiy yondashuvlari saylovchilar tomonidan salbiy baholanmoqda. Endi bevosita O'zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi haqida.

Saylovchilar Shavkat Mirziyoyevning birinchi prezidentlik davridagi yutuqlarini ijobiy baholab, arzon va sifatli uy-joy yetishmasligi, tadbirkorlar faoliyatini qo'llab-quvvatlash hamda shu kabi muammolarning yechimi masalasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Ushbu yangilanishlarning rivojlanish dinamikasini saqlab qolish va davom ettirish zarurligi haqida fikr bildirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Nomzod qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda «Men Qashqadaryo to'g'risida o'ylaganimda, bugungi uchrashuvga tayyorgarlik ko'rganimda, meni eng ko'p qiynaydigan masala — bu hudud aholisiga munosib hayot, to'kin dasturxon va doimiy daromad manbalarini ta‘minlab berish», — deya ta‘kidladi.

Shuningdek, «joriy yildan boshlab, ʼBog'dod tajribasiʼ asosida uylar, sanoat korxonalari va ijtimoiy infratuzilmani o'z ichiga olgan Yangi O'zbekiston massivlari barpo etiladi», — deya ta‘kidlandi.

Nomzodlar saylovoldi targ'ibot-tashviqot ishlarining ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishi haqida

Prezidentlikka nomzodlarning targ'ibot-tashviqot tadbirlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi bilan bir qatorda virtual maydonda ham ancha faol yoritilayotgani va ijtimoiy tarmoqlarda ko'plab bahs-munozaralarga sabab bo'layotganini joriy saylovlarning o'ziga xos yangiliklaridan biri deb hisoblash mumkin.

Foto: «Bugun.uz»

Ularning saylovoldi uchrashuvi, partiyalarning targ'ibot-tashviqot tadbirlari siyosiy partiyalarning rasmiy sayti hamda Telegram, Facebook, YouTube kabi ijtimoiy tarmoqlarda saylovoldi tadbirlar foto, video va matn shaklida batafsil yoritilmoqda. O'tgan hafta mobaynida mahalliy OAV va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borish, ularning kontentini tahlil qilish natijasida, aytish mumkinki, saylov jarayonlariga bog'liq «Milliy tiklanish» demokratik partiyasiga tegishli 2890 ta, «Adolat» sosial-demokratik partiyasiga tegishli 200 ga yaqin, Xalq demokratik partiyasiga tegishli 200 dan ortiq, Ekologik partiyaga tegishli 489 ta hamda O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasiga tegishli 6500 dan ortiq turli material va chiqishlar tayyorlangan va tarqatilgan.

Xulosa

Yuqoridagi fikrlarga xulosa qilgan holda barcha nomzodlarning joylarda saylovchilar bilan uchrashuv jarayonlarini kuzatish orqali aytish mumkinki, mamlakatimizda saylovoldi kampaniyasi yuqori sur‘atda olib borilmoqda. Saylovlar jarayonida partiyalararo bahslar qatorida nomzodlar o'rtasida ham bahs-munozaralar, o'zaro replikalarning namoyon bo'layotgani saylovoldi jarayonida haqiqiy kurash ketayotganligini bildiradi.

Saylov jarayonining barcha ishtirokchilari, shu jumladan, siyosiy partiya nomzodlari va saylovchilarning o'z huquq va majburiyatiga munosib pozisiya namoyon etishiga ishonamiz.

Rustam Rashidov, siyosiy fanlar bo'yicha falsafa doktori (PhD), dosent