Afg'onistonning Kunar viloyati markazi Asadobod shahrida 14 oktyabr kuni portlash sodir bo'ldi. Bu haqda «Sputnik» xabar berdi.

Foto: «Reuters»

Ma‘lum qilinishicha, hodisaga qo'lda yasalgan portlovchi qurilmaning portlashi sabab bo'lgan. Taxminlarga ko'ra, tashkilotchilar «Tolibon» harakati jangchilariga hujum qilish maqsadida terakt uyushtirgan. Qurilma toliblar bo'lgan mashina  ko'prikdan o'tayotganda ishga tushirilgan.

Ta‘kidlanishicha, hodisa sababli 11 kishi tan jarohati olgan va Kunar viloyatining Shaytal-va-Shintan tuman polisiya bo'limi boshlig'i halok bo'lgan. Qurbonlar orasida toliblar bor-yo'qligi hozircha noma‘lum.

Ma‘lumot o'rnida, Afg'onistondagi masjid 8 oktyabr kuni juma namozi paytida portlatilgandi. Mahalliy xavfsizlik va sog'liqni saqlash xizmatlarining ma‘lumotlariga ko'ra, portlashda 43 kishi halok bo'lgan, 140 kishi jarohatlangan. BMTning Afg'onistondagi yordam missiyasi hodisaga IShID sababchi ekanini qayd etgan. 

Avvalroq Kobuldagi «EID Gah» (Hayit bayrami) masjidi yaqinida bomba portlatilgandi. Shuningdek, Kobulda kuchli portlash sodir bo'lgandi.