O'zbekistonda haydovchilikka tayyorlash bo'yicha kurslar narxlari oy davomida o'rtacha 1,4 foizga oshdi. Bu haqda Statistika qo'mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: «Bugun.uz»

Ma‘lumotlarga ko'ra, sentyabr oyida haydovchilikka tayyorlash bo'yicha kurslar narxlari avgust oyiga nisbatan o'rtacha 1,4 foizga qimmatlashgan. Mazkur ko'rsatkich sentyabr oyida yil boshidan buyon o'rtacha 0,1 foizga arzonlashgan.

Ma‘lumot o'rnida, O'zbekistonda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning haydovchilikka tayyorlash kurslarida o'qish xarajatlari kompensasiya qilinishi aytilgan. Bu o'zgarish «Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo'llab-quvvatlashning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida»gi hukumat qarorida (617-son, 2021 yil 4 oktyabr) nazarda tutilgan. Qaror bilan Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari va oilaviy bolalar uylarida tarbiyalangan hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni qo'llab-quvvatlashga doir 2 ta vaqtinchalik tartiblar tasdiqlangan.

Ular yoshlarga avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kurslarida o'qish xarajatlarini kompensasiya qilish hamda ularni safarbarlik chaqiruvchi rezervidagi xizmatni o'tash badalini qoplash bo'yicha ekani aytilgan. Dastlabki tartib bo'yicha bunday yoshlarning haydovchilikka tayyorlash kurslarida o'qish xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha kompensasiya berilishi aytilgan.

Avvalroq O'zbekistonda haydovchilarga YTH bo'yicha IIB xodimisiz xabarnoma tuzishga ruxsat berilishi ma‘lum qilingandi. Shuningdek, O'zbekistonda xaydovchilikka nomzodlardan imtihon olishdagi savollar yo'l harakati qoidalariga zid ekani aytilgan.