Keling, bugungi reytingimizda startaplar haqida gaplashamiz. Xo'sh, startap o'zi nima? Bu tushuncha qanday ma‘noni anglatadi? Bilasizmi, biznesning istalgan turi startap bo'lishi mumkin, uning asosiy xususiyati bozorga avval foydalanilmagan uslubda (qonun bilan taqiqlanmagan) tovar yoki xizmatlar taqdim etish bilan ifodalanadi.

O'zbekistonning eng mashhur startapchilari kimlar va ularning yangiliklari nimada? Maqolamizda ushbu savollarga javob topasiz.

1. Akmal Payziev. «Express 24». Restoran va savdo nuqtalaridan mahsulotlarini onlayn buyurtma berish yo'li bilan 24 soat davomida uzluksiz yetkazib berishga yo'naltirilgan kurerlik loyihasi. Uning maxsus «express24.uz» sayti mavjud. Bundan tashqari, startaper yana bir «MyTaxi» loyihasining ham muallifidir.

Akmal Payziev
Foto: «Spot»

2. Muzaffar Qoraboev. «Zip24». U logistika, ta‘minot zanjirlar va elektron tijoratga ixtisoslashgan «CaaC B2B» tizimidir. Shtab kvartirasi Dubay shahrida, asosiy operasion bazasi Toshkent shahrida joylashgan.

Muzaffar Qoraboev
Foto: «Spot»

«‘Zip24’ mahsulotlari bilan biz mijozlarimizga raqobatbardosh biznes muhitida yanada muvaffaqiyatli va daromadli bo'lishlariga imkon beramiz», — deydi bosh direktor Muzaffar Qoraboev.

«Zip24» elektron tijorat logistika texnologiyasining yetakchi provayderi bo'lishni maqsad qilgan. Loyiha xodimlarining sonini ko'paytirish orqali Dubay, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) ofislarini kengaytirishni, shuningdek, 2021 yilning ikkinchi yarmida Buyuk Britaniyada hududiy ofisini ochishni rejalashtirmoqda.

3. Rustam Hamdamov. «Billz». Loyihaning veb-sayti «billz.uz»da uning ishtirokchilari o'zlarini quyidagicha ta‘riflaydi: «Chakana biznes muvaffaqiyatli va samarali bo'lishiga yordam beradigan texnologiyalar ustida ishlaydigan ishqibozlar jamoasi. Biz bozorda 2 yildan ortiq vaqtdan beri ishlaymiz va jamoamizda 10 dan ortiq kishi ishlaydi. Biz bilan butun O'zbekiston bo'ylab 400 dan ortiq do'konlar, shuningdek, Qozog'iston va Janubiy Koreyaning bir nechta mijozlari hamkorlik qiladi. Biz allaqachon Britaniya jamg'armasidan sarmoyalarni oldik va o'sishda hamda orzuga intilishda davom etamiz».

«Billz» jamoasi
Foto: Jamoa arxividan

4. Shahzod Umirzakov. «TASS Vision». Sun‘iy intellekt va maxsus texnologiyalar asosida elektron tahlilga ixtisoslashgan ushbu startap kompaniyasi uch turdagi xizmatni ko'rsatishga ixtisoslashgan.

«VA» — tashrif buyurivchilar bo'yicha ma‘lumotlarni yig'ish va taqdim qilish. «Facehr» — yuz tasvirini aniqlash yordamida xodimlarning ish vaqtini kuzatish. «Heatmap» — xaridorlarning harakatini tahlil qilish orqali eng ko'p tashrif buyuriladigan joylar xaritasini chizish. Loyiha veb-sayti «tass-vision.uz.»da «Texnomart», «Ecobozor», «Black Bear Coffee», «Button» kabi bir qancha yirik tijoriy tuzilmalar bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgani qayd qilingan.

5. Rustam Rahmatov. «Iman Invest». Loyiha veb-sayti «imaninvest.com»da quyidagi so'zlar keltirilgan: «Oliy maqsadimiz — dunyodagi barcha insonlar iqtisodiy erkinlikka erishishlari uchun adolatli va shaffof moliyaviy mahsulotlardan foydalanish jaryonini osonlashtirish. Biz IMANʼni milliardlab insonlarga iqtisodiy erkinlik taqdim etish uchun yaratdik va doimo yangi iste‘dodlarni izlaymiz».

Rustam Rahmatov (chapda)
Foto: Kompaniya arxividan

Umuman, loyiha investorlar uchun ishlab chiqilgan bo'lib, «Sherigimiz sifatida bugungi kunda 25 million so'm va har oyda atigi 3 million so'm sarmoya kiritib, 15 yilda 1 million AQSh dollaridan ko'proq daromad olishingiz mumkinligini bilasizmi?» — deydi loyiha tashkilotchilari.

6. Ulug'bek Rustamov. «Click». Internet saytining o'ziyoq kuniga o'rtacha 13 ming tashrif buyuruvchini qabul qilib oladigan mazkur loyiha yuqoridagilaridan farqli o'laroq, oddiy aholi qatlami uchun ham anchayin tanish va undan mobil qurilma ishlatadigan har qanday iste‘molchi bir marota bo'lsa ham foydalanib ko'rgan bo'lsa, ajab emas.

Foto: «Click»

Xullas, «kompaniya faoliyati yetakchilik va sodiqlik prinsiplariga asoslanadi. Bizning maqsad — tashkilotlar va odamlar orasidagi moliyaviy munosabatlarni imkoni boricha sodda, himoyalangan va ishonchli qilish. ‘Click’ — bu odamlarning puldan foydalanishlarini osonlashtirishga yo'naltirilgan mahsulot turi. Ya‘ni siz barcha kommunal to'lovlarni, internet, mobil aloqa va ko'plab boshqa xizmatlar uchun to'lovlarni smartfoningiz tugmasini bir bosishdayoq amalga oshirishingiz mumkin bo'ladi».

7. Sarvar Ruzmatov. «Payme». Bajaradigan vazifasi va tuzilishi jihatidan «Click» bilan o'xshash mazkur loyiha «Inspider» MChJga qarashli bo'lib, kartadan kartaga pul o'tkazish, «Uzcard» kartasini blok holatiga tushirish, yana o'sha karta yordamida amalga oshirilgan barcha to'lovlarni nazorati va tahlili, joylarda to'lovni amalga oshirish kabi bir qancha xizmatlarni taklif etadi.

8. Behzod To'xtamurodov. «InnoGroup». Kompaniya O'zbekiston hududida va undan tashqarida innovasion ishlanmalarni qayta ishlash va hayotga tatbiq etishga ixtisoslashgan. Kompaniya quyidagi yo'nalishlarda ish olib boradi: additiv texnologiyalar (3D printer va 3D skanerlar), qishloq xo'jaligi, bioinjeneriya, robototexnika, akseleratorlik loyihalari, energetika va boshqalar.

9. Ulug'bek Ismatov. «INTV». O'zbekistondagi ilk onlayn telekanallardan biri bo'lgan «INTV» bugun YouTube platformasida 18 ming obunachisiga ega. Loyiha muallifi «BeCreative Media» mediakompaniyasiga ham rahbarlik qiladi.

Ulug'bek Ismatov
Foto: «Kun.uz»

Biz odatimizdan chekingan holda 10-qatorni sizga qoldirdik. Rejangiz bormi? G'oyalarga to'lib-toshyapsizmi? Ularni ro'yobga chiqaring va reytingimizdan o'rin egallang! Yana reytinglashguncha!