«O'zbekiston temir yo'llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Voljskiy–Toshkent yo'nalishida 483-sonli yo'lovchi poezdining 4 ta maxsus reysi yo'lga qo'yiladi. Bu haqda «Toshkent mintaqaviy temir yo'l uzeli» unitar korxonasi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: «Toshkent mintaqaviy temir yo'l uzeli» UK axborot xizmati

Ma‘lum qilinishicha, qatnov pandemiya davrida Rossiyada qolib ketgan O'zbekiston fuqarolarining mamlakatga qaytishi uchun qulaylik yaratish maqsadida yo'lga qo'yilmoqda. Poezd 22, 25, 29 oktyabr hamda 1 noyabr kunlari soat 20:57 da Voljskiy-Toshkent yo'nalishida harakatini amalga oshiradi.

Qayd etilishicha, poezdga faqat bir yo'nalish, ya‘ni Voljskiy–Toshkent yo'nalishiga chiptalar sotiladi. Chiptalarni elektron tarzda ham sotish yo'lga qo'yilgan. Rossiyadagi fuqarolarning yaqinlari O'zbekistondan turib ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi bilan «O'zbekiston temir yo'llari» aksiyadorlik jamiyati veb-sayti orqali chiptalarni elektron tarzda xarid qilib, jo'natishi ham mumkin.

Eslatib o'tamiz, avvalroq Rossiyadan O'zbekistonga migrantlarni tashish uchun qo'shimcha poezd yo'lga qo'yilgandi. Shuningdek, Rossiyadan O'zbekistonga yangi aviareys yo'lga qo'yilgani xabar qilingan.