Sirdaryo viloyatida Majburiy ijro byurosi tashabbusi bilan 2 363 nafar aliment to'lovchilar ish bilan ta‘minlandi. Bu haqda Byuro matbuot xizmati «Bugun.uz»ga xabar berdi.

Foto: Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati

Ma‘lum bo'lishicha, Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyat boshqarmasi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish sohasida 2021 yilning  9 oyida amalga oshirilgan ishlar bo'yicha matbuot anjumani o'tkazgan. Unda Byuroning Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig'i vazifasini bajaruvchi F.Babataevning tashkilot faoliyatiga doir ma‘lumotlar bergan. Qayd etilishicha, aliment undiruvi bilan bog'liq ijro ishlari bo'yicha 9 238 nafar bolalarning ta‘minoti uchun 8 339 nafar qarzdorlardan davriy to'lovlar yuzasidan ijro harakatlari boshlangan.

2021 yilning 9 oyida aliment undiruvi bilan bog'liq ijro hujjatlari bo'yicha taraflarni o'zaro yarashtirish maqsadida olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 553 ta oila qayta tiklangan. Shuningdek, aliment to'lovlari bo'yicha 68 ta holatda qarzdorlar tomonidan bolalarining voyaga yetguniga qadar ta‘minoti pul mablag'i, uy-joy, avtomashina va boshqa shaklda to'liq  qoplangan.

Ta‘kidlanishicha, voyaga yetmaganlarning aliment pullarini hisoblash va to'lash ustidan avtomatlashtirilgan  tizimi  yo'lga  qo'yilib, aliment ijro hujjatlari bo'yicha «MIB-portal» dasturiy ta‘minoti orqali undirilgan mablag'larni onlayn ravishda kuzatib borish imkoniyati joriy etilgan. Bundan tashqari aliment undirish hamda ishsiz aliment to'lovchilarni ish bilan ta‘minlashga qaratilgan tadbirlar natijasida viloyatda jami 2 363 nafar fuqarolar doimiy va mavsumiy ishga joylashtirilgan. Shu jumladan, aliment to'lovchilarni ish bilan band qilish maqsadida o'tkazilgan mehnat yarmarkalarida jami 1 135 nafar qarzdorlar, doimiy (mavsumiy) ish bilan ta‘minlangan.

Foto: Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati

Tadbirda, soha xodimlari tomonidan jurnalistlarning savollarga javob berilgan. Shuningdek, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta‘minlash, sud va boshqa organlar hujjatlarining so'zsiz ijrosini ta‘minlash sohasidagi targ'ibot tadbirlarini yoritishda ko'rsatgan faol ishtiroki munosabati bilan bir guruh ommaviy axborot vositalari xodimlari, soha vakillari boshqarmaning tashakkurnomasi bilan taqdirlangan. Ular bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish xususida kelishib olingan.

Avvalroq Toshkent viloyatida fuqaroga 1 mlrd so'mdan ortiq zarar undirib berilgandi. Shuningdek, Chirchiqda bir oyda 32 ta oila yarashtirilgan.