«UzAuto Motors» xaridorlarga yangi 4-pozisiyadagi «Cobalt»ni isitish o'rindig'i modulisiz taklif etdi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.

Foto: «Bugun.uz»

 Ma‘lum qilinishicha, yarimo'tkazgichlarning global tanqisligi butun dunyo avtomobil sanoatiga, shuningdek, «UzAuto Motors» kompaniyasiga ham o'z ta‘sirini o'tkazgan. Yuzlab tayyor «Chevrolet Cobalt» avtomobillari zavod avtoturargohida qolib ketgan. Birgina yarimo'tkazgich detalining yo'qligi sabab avtomobildagi o'rindiqni isitish tizimi ishlamasligi avtomobilni egasiga topshirishga to'sqinlik qilmoqda.

Qayd etilishicha, yuzaga kelgan holatdan kelib chiqib, «UzAuto Motors» kompaniyasi yaqin orada 4-pozisiya «Chevrolet Cobalt»ni kutayotgan mijozlarga avtomobilni isitish o'rindig'i modulisiz taklif qiladi. Ushbu komplektasiya 1 million so'mni tashkil etadi. Shuningdek, ularning narxi avtomobilning umumiy narxidan olib tashlanadi.

Keltirilishicha, avtomobilda kondisioner va pechka ishlashini ta‘minlovchi isitish va sovitish tizim regulyatori (HVAC kontroller) o'zgarishsiz ishlashda davom etadi, o'rindiqni isitish tugmasi esa ishlamaydi.

Avvalroq «UzAuto Motors» «Tracker»ning 2021 yilgi modeli hamda «Damas» va «Labo»ning yangilangan modellari narxini e‘lon qilgandi.