Jahongir Otajonov 17 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoq orqali O'zbekistondan chiqib ketishiga taqiq qo'yilganini aytib, videomurojaat yo'lladi. Majburiy ijro byurosi axborot xizmati holat yuzasidan «Bugun.uz»ga ma‘lumot berdi.

Foto: Instagram / @jahongir_atajanovs

Ma‘lum bo'lishicha, Jahongir Otajonovning farzandi futbol o'ynab, yelkasini sindirib olgan va u operasiya qilinishi kerak bo'lgan. Shu sabab xonanda o'g'lining jarrohlik amaliyotida oldida bo'lish maqsadida Turkiyaga ketmoqchi bo'lgan, ammo u aeroport xodimlari tomonidan to'xtatilgan.

«Urganch shahar aeroportidan Istanbulga uchib ketishim kerak edi. Sababi o'g'limning yelkasi singan, operasiyasida oldida turmoqchi edim. Afsuski, chegarachilar mani o'tkazishmadi. Xodim kelib, MIBdan muammo borligini aytib, chiqolmasligimni ma‘lum qildi», — deydi u o'z videomurojaatida.

Mazkur murojaat yuzasidan byuro axborot xizmati ma‘lumot berdi. Qayd etilishicha, byuro organlari tomonidan Jahongir Otajonovga nisbatan sudning tegishli qarorlariga asosan fuqarolar S.F., M.S. va Ye.I. foydasiga 3 nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment undirishga oid 3 ta ijro ishi yuritilgan.

Xususan, Fuqarolik ishlari bo'yicha Urganch tumanlararo sudining ijro hujjatlariga asosan, qarzdordan undiruvchilar M.S. va Ye.I. foydasiga aliment undirish belgilanib, byuroning Yunusobod tuman bo'limi tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan.

Ta‘kidlanishicha, uning O'zbekistondan chiqish huquqi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida»gi qonunning 42-1-moddasiga asosan vaqtincha cheklangan. Fuqaro S.F. foydasiga aliment undirish to'g'risidagi ijro hujjati esa uning arizasiga ko'ra, ijrosiz qaytarilgan va ijro ishi tugatilgan.

Avvalroq Jahongir Otajonovga nisbatan sud hukmi o'qilgandi. Shuningdek, IIBB Jahongir Otajonovning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlariga munosabat bildirgani xabar qilingan.