Niderlandiyaning Leusden shahridagi Sovet Ereveldeda (Sovet faxriy maydoni) dafn etilgan 101 o'zbek askaridan birinchisining shaxsi Ikkinchi jahon urushi tugaganidan 74 yil o'tib aniqlandi. Bu haqda «NOS» telekanali xabar berdi.

Foto: «Dutch News»

Ma‘lum qilinishicha, Ilsya Machametov Germaniya Sovet Ittifoqiga bostirib kirganidan keyin qo'lga olingan guruhning ichida bo'lgan. Guruh a‘zolari Niderlandiyadagi Kamp Amersfort fashistlar konslageriga olib ketilgan.

«Ularning aksariyati O'zbekistondan va osiyoliklar tashqi ko'rinishiga ega bo'lgan. Ular ochlikda qoldirilgan va kaltaklangan. Shu bois birinchi olti oyda 24 kishi halok bo'lgan. Qolgan 77 kishi 1942 yilda o'qqa tutilgan va ularning shaxsi bugungi kungacha noma‘lumligicha qolgan», — deydi «Stichting Sovjet Ereveld Remco Reiding» direktori Remko Reyding.

«Agar biz ularga ismlarini qaytarishga yordam bermasak, 80 yildan keyin ham fashistlar g'alaba qozongan bo'ladi», — deydi Reyding. Qayd etilishicha, Reyding va bir guruh ko'ngillilar 1998 yildan buyon askarlarning shaxsini aniqlash ishi bilan shug'ullangan. Jasadlar bilan birga bir qancha narsalar topilgan, ularning orasida ma‘lumotlar yozilgan qog'ozlar ham bo'lgan.

Avvalroq Rossiyada o'zbekistonlik askarning suyak qoldiqlari topilgandi. Shuningdek, mamlakatda og'ir ahvolda qolgan o'zbekistonlik fuqaro vatanga qaytarilgan.