Toshkent shahri Chilonzor tumanida kuchli ta‘sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotayotgan dorixona aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati

Ma‘lum bo'lishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning tuman bo'limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o'tkazilgan. Unda «E» MChJga qarashli dorixona sotuvchisi S.X. 1 dona «Tropikamid» va 56 dona «Regapen» dori vositasini xaridor N.ga 1,1 million so'mga sotgan vaqtida ushlangan. Dorixonadan tegishli hujjatlari bo'lmagan «Selofen» va «Regapen» nomli kuchli ta‘sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (Tarkibida kuchli ta‘sir qiluvchi moddalar mavjud bo'lgan dori vositalarini resept bo'yicha chakana realizasiya qilish tartibini buzish) bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda.

Avvalroq Toshkentda psixotrop dorilarni noqonuniy sotayotgan «apteka»chi ayol ushlangani va psixotrop dorilarni noqonuniy sotayotgan korxona rahbari qo'lga olingani xabar qilingan. Shuningdek, Toshkentdagi 5 ta dorixonada psixotrop dori sotayotganlar aniqlangandi.