Marg'ilonda 1869 yilda qurilgan qadimiy Xo'ja Porso jome masjidi buzib tashlandi. Bu haqda «Gazeta.uz» ma‘lumot berdi.

Foto: Jamil Qosimov

Madaniy meros agentligining ma‘lum qilishicha, bino bir necha joyidan yorilgani bois buzilib, yangidan qurilmoqda. Ta‘mirlash ishlari 2021 yil iyun oyida boshlangan, iyul oyida esa masjidning tarixiy qismi joylashgan ayvon yechib olingan.

Ta‘kidlanishicha, gid Jamil Qosimov Angliyadan kelgan mehmonlarni betakror ustunlar va naqshindor shiftni ko'rsatish uchun olib borgan, biroq masjid buzilib, uning o'rnida qurilish ishlari olib borilayotganiga guvoh bo'lgan. U 2019 yilda turistlarni masjidga olib borgan vaqtida tushirilgan suratlarni va uning hozirgi ahvoli tasvirlangan videoni e‘lon qilgan. Angliyalik turistlar: «mazkur ob‘ektni sayyohlar uchun jozibador qilib turgan bu kabi go'zallikni qanday qilib yo'q qilish mumkin? Yangi baribir yangi-ku», — deya munosabat bildirgan.

Masjidining oldingi holati. Foto: Jamil Qosimov

Qayd etilishicha, birgina Buyuk Britaniyaning o'zida 50 yil avvalgi binoni ta‘mirlash yoki restavrasiya qilish uchun ham ko'plab komissiyalarning ruxsatini olishga to'g'ri kelishi qo'shimcha qilingan. Qolaversa, bu haqda jurnalist Elmira Tuxvatullina Facebook'da post yozib qoldirgan. U: «Nima uchun bizda tarixiy inshootlarni buzib tashlash to'g'risida osongina qaror qabul qilinadi?» degan savol bilan yuzlangan. Shuningdek, bloger Nikita Makarenko rekonstruksiya bahona masjidning tarixiy qiyofasi yo'qotilayotganini aytib o'tgan.

«Mana shunday tushunmovchiliklar kelib chiqmasligi uchun O'zbekistonning mahalla-qishloqlarini bir aylanib, masjidlar, madrasalar, boshqa binolarni ko'zdan kechirish kerak deb o'ylayman. Mahallalar ichida ro'yxatga olinmagan, o'rganilmagan, lekin tarixiy ahamiyatga ega bir dunyo bino mavjud. Ekspertlar guruhi ularni ko'zdan kechirib, qaysi tarixiy ahamiyatga, me‘moriy-badiiy qiymatga egaligini aniqlashi lozim. Shunda qaerda nima bor, nimani saqlash kerak, nimani buzsa va ta‘mirlasa bo'ladi, aniqroq ma‘lumotga ega bo'lamiz. Aks holda axborot yetishmovchiligi tufayli har xil bahslar va tushunmovchiliklar kelib chiqaveradi», — deya holatga munosabat bildirgan jurnalist Eldor Asanov.

Foto: Jamil Qosimov

Madaniy meros agentligining izoh berishicha, Xo'ja Porso jome masjidiga tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish maqsadida masjid hududiga qo'shimcha bino inshootlarini qurish bo'yicha taklif tayyorlangan va 2020 yilning 23 noyabrida agentgik (o'sha vaqtda departament) huzuridagi ilmiy-ekspert kengashi tomonidan ma‘qullagan. Ilmiy-ekspert kengashining xulosasida, shuningdek, madaniy meros ob‘ekti bo'lgan eski masjid binosini ta‘mirlash sharti bilan ruxsat berilgani qayd etilgan.

Avvalroq Toshkent viloyatidagi tahririyat binosi buzib tashlanishi xabar qilingan. Shuningdek, Buxoroda «Abdullaxon» madrasasi devori qulab tushgandi.