Rossiyaning Qozon shahrida o'zbekistonlik 19 yoshli yigit qora «BMW» rusumli mashinada polisiya inspektorini urib, yo'l harakati qoidalarini 19 marta buzdi. Bu haqda «Kazan BezFormata» xabar berdi.

Kadr: YouTube

Ma‘lum qilinishicha, hodisa 17 oktyabr kuni sodir bo'lgan. Haydovchi yo'l patrul xodimining Karl Marks–Pushkin chorrahasida to'xtash talabini bajarmagan. Natijada xodimlar mashinani ta‘qib qila boshlagan. Sibgata Xakim–Dekabristov chorrahasiga yetib bormasdan, mashina tirbandlikda qolib, to'xtagan.

Biroq haydovchi bir nechta patrul xodimlari tomonidan o'rab olinganiga qaramay, mashinada orqaga qarama-qarshi chiziq bo'ylab harakatlanib, g'oyib bo'lgan. Ta‘kidlanishicha, o'zbekistonlik yigit yo'lda polisiyachilardan birini urib yuborgan.

Ta‘kidlanishicha, Hodisada huquqbuzarga nisbatan atrofda mashinalar ko'pligi uchun o'qotar qurol ishlatilmagan. Tekshiruv natijasida mashina egasi 19 yoshli O'zbekiston fuqarosi Humoyunmirzo Saidjonov bo'lib chiqqan. Unga nisbatan 2021 yilning avgust oyida lisenziyasiz mashina haydagani va shu kabi boshqa qoidabuzarliklar sababli ma‘muriy bayonnoma tuzilgan.

Qayd etilishicha, Zalesnoy ko'chasidagi uy yonidan 18 oktyabr kuni qora «BMW» topilgan. Haydovchi hibsga olingan va u barcha qonunbuzarliklarni tan olgan. Qo'lga olingan shaxsga nisbatan inspektorlar ma‘muriy huquqbuzarlik to'g'risida 21 ta bayonnoma tuzgan.

Avvalroq Rossiyada bolta bilan polisiyachiga tashlangan o'zbekistonlik erkakka o'q uzilgani va Rossiyada katta miqdorda pul o'g'irlagan o'zbekistonlik erkak hibsga olingani ma‘lum qilingan.