O'zbekiston xorijdan sentyabr oyida 57 ta elektromobil sotib olgani ma‘lum qilindi. Bu haqda Davlat statistika qo'mitasi xabar berdi.

Foto: «Bugun.uz»

Ma‘lumotlarga ko'ra, bu ko'rsatkich 2021 yilning avgust oyiga nisbatan 12 taga kamni tashkil etgan. Elektromobillar xaridi uchun 1,3 million dollar sarflangan.

Ma‘lumot o'rnida, O'zbekistonda elektromobil importi qariyb 7 baravarga oshib, 8 oyda 501 ta elektromobil olib kelingani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, 2021 yilning yanvar–avgust oylarida mamlakatga 9 ta xorijiy davlatdan qiymati 9,2 million dollarga teng bo'lgan 501 ta elektromobil import qilingan. Bu ko'rsatkich 2020 yilning mos davri bilan solishtirilganda 428 taga yoki qariyb 7 baravarga oshgan.

Ma‘lumotlarga ko'ra, avgust oyida O'zbekiston xorijdan 69 ta elektromobil olib kelgan. 2021 yilning 8 oyida, asosan, quyidagi davlatlardan elektromobillar import qilingan:

  • Xitoy — 443 ta;
  • Turkiya — 24 ta;
  • Litva — 13 ta;
  • Germaniya — 7 ta;
  • AQSh — 6 ta;
  • Koreya — 5 ta;
  • Ispaniya — 1 ta;
  • Rossiya — 1 ta;
  • Gonkong — 1 ta.

Avvalroq O'zbekiston yanvar–iyul oylarida nechta yengil avtomobil import qilgani ma‘lum bo'lgan. Shuningdek, iyun oyida nechta elektromobil olib kelingani ma‘lum qilingan.