Evropa komissiyasi Iordan daryosining g'arbiy sohilidagi Isroil aholi punktlarini noqonuniy deb atadi. Bu haqda komissiya bayonoti e‘lon qilindi.

Foto: «Euronews»

Ma‘lum qilinishicha, Yevropa Ittifoqi Isroilning ushbu hududlarda 1355 ta yangi uy-joy qurish rejalarini qoralagan. «Xalqaro qonunlarga ko'ra, bu noqonuniy hisoblanadi. Ular Isroil va Falastin o'rtasida ikki tomonlama kelishuvga erishish yo'lidagi asosiy to'siqdir», deyilgan bayonotda.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi chegaralardagi o'zgarishlarni tan olmasligini eslatib, Isroilni yangi qurilishlarni to'xtatishga chaqirgan.

Ma‘lumot o'rnida, avgust oyida Isroil xalqaro hamjamiyatning noroziligiga qaramay, Iordaniyaning G'arbiy sohilida qo'shimcha inshootlar qurilishi haqida e‘lon qilgan. Ayrim Yevropa Ittifoqi davlatlari Tel-Avivni bu hududlarni de-fakto anneksiya qilishda ayblagan. Iordaniya daryosining g'arbiy sohili 1967 yildan beri Isroil armiyasi nazoratida qolmoqda. Keyinchalik bu va boshqa bir qancha yerlar arab davlatlari koalisiyasi bilan olib borilgan urush natijasida Tel-Aviv tomonidan bosib olingan. Shundan buyon Isroil mazkur hududlarni o'z fuqarolari bilan to'ldirmoqda.

Avvalroq Isroil chegaradan o'tgan har bir fuqaro haqida ma‘lumotlar bazasi yaratishi xabar berilgandi. Shuningdek, Eron Isroil bilan chegarada qo'shin tuzmoqchi ekani ma‘lum qilingan.