Dunyoda bir-biridan ajoyibu g'aroyib yaratiqlar borki, ularning ayrimlari koinot in‘omi sifatida, tabiiy tarzda, dunyoga kelgan bo'lsa, boshqalarini biz — insonlar yaratganmiz. Ana shunday ajoyibotlar orasida ko'z ko'rib, quloq eshitmagan marosimlar, urf-odatlar ham mavjud va bugun biz siz bilan aynan shu haqda — dunyoning eng noodatiy festivallari haqida so'zlashamiz.

1. La Tomatina, Ispaniya. Ispaniyaning sharqida, O'rta Yer dengizidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Valensiyaning Bunol shahrida o'tkaziladigan mazkur festival ishtirokchilari ko'ngilochar maqsadda, faqat o'yin-kulgi uchun bir-birlariga pomidor uloqtirib, «jang» qiladilar. Festival 1945 yildan beri avgust oyining oxirgi chorshanbasida Bunolda bir haftalik bayramlar paytida o'tkaziladi.

Foto: «CGTN»

«Informe Semanal» deb nomlangan ispan televizion dasturi teleboshlovchisi Xaver Basilioning reportaji natijasida festival Ispaniyaning qolgan qismlariga ham ma‘lum bo'la boshlagan. O'shandan beri festival ishtirokchilari soni yildan yilga ortib bormoqda. 2002 yilda festival o'z mashhurligi tufayli Turizm departamenti kotibi tomonidan Xalqaro turistlar e‘tirofidagi bayram deb e‘lon qilingan.

2020 yilgi tadbir 2021 yilning aprel oyida butun dunyo kabi Ispaniyada ham avj olgan kovid pandemiyasi sababli bekor qilindi. Bu galgi festival tantanalarning 75 yilligi bo'lishi kerak edi. Festival shunga qadar faqat bir marta, 1957 yilda siyosiy sabablarga ko'ra bekor qilingan edi. 2021 yilda u, afsuski, yana bekor qilindi.

2. Boshda yong'oq chaqish festivali, Hindiston. Bu qisman diniy marosim bo'lib, uning qatnashchilari Hindiston yong'og'ini boshga urib chaqish orqali o'tmish xotiralaridan xalos bo'lish va shu orqali o'zlarini xudoga topshirishni maqsad qiladi. Qizig'i shundaki, bu e‘tiqod qiluvchilar uchun ixtiyoriy marosim bo'lib, majburlov choralari bo'lishiga qaramay, minglab ko'ngillilar Tamilnadu shtatining Karur shahridagi Mahalakshmi ibodatxonasi darvozasi oldida marhamat olish uchun navbatda turishadi.

Marosim paytida ruhoniylardan biri navbati kelgan dindorlarning boshini ushlab turadi, boshqa bir ruhoniy esa yong'oqni ularning bosh suyagiga urib chaqadi. Albatta, bu marosim ko'pchilik qatnashchilarning bosh suyagiga jiddiy shikast yetkazadi. Shunday bo'lsa-da, aksariyat dindorlar xudoga hurmat yuzasidan yoki xudoning g'azabiga duchor bo'lishdan qo'rqib, tibbiy yordamga murojaat qilishdan o'zlarini tiyadi.

3. Tuxum festivali, Bosniya. Ushbu bayram bahor fasli kirib kelganligini anglatadi hamda u Yaponiyaning olcha gullari festivali bilan hamohangdir. Bosniya xalqi kirib kelgan ushbu ajoyib faslning quvonchini nishonlaydi va uning kelishini omletlar bilan kutib oladi.

Foto: «Illuminaija»

Bunda odamlar bahorning birinchi kuni erta tongda daryo bo'yida yig'ilishadi va shu yerda turli tuxumli taomlar tayyorlanadi. Ochiq havoda yuzlab tuxumdan tayyorlanayotgan ulkan omletni bir tasavvur qilib ko'ring!

Bu taom xalq orasida bepul tarqatiladi. Festival, asosan, Bosna daryosi bo'yidagi Kamberovisa dalasida bo'lib o'tadi. Ularning nazdida tuxum yangi hayot ramzidir. Mazkur an‘ana Bosniyada bir necha yuz yil oldin boshlangan va u mamlakatga dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyuruvchilarni doim o'ziga jalb qiladi.

4. 25 yoshli oila qurmaganlarga dolchin sepish, Daniya. Daniya ko'chalari ko'pincha dolchin bilan qoplanganligi va uzoq yillik an‘analari bilan mashhurdir. Bu yerda agar siz 25 yoshga kirgan va hali oila qurmagan bo'lsangiz, do'stlaringiz va oila a‘zolaringiz tomonidan dolchinga ko'milishga mahkumsiz. Va, eng qizig'i, jarayon shu bilan tugab qolmaydi, dolchin tanangizga yanada ko'proq va yaxshiroq yopishishi uchun boshdan oyoq suv ham sepiladi.

Foto: «Business Insider»

Afsonalarga ko'ra, bu an‘ana yuzlab yillar avvalga borib taqaladi. Aytishlaricha, o'shanda ziravor sotuvchilari o'z mahsulotlarini sotish maqsadida doim u joydan bu joyga yurib, bo'ydoq bo'lib qolishgan, chunki ularda hech qachon bir joyda kimdir bilan uzoq vaqt birga bo'lish imkoni bo'lmagan.

Agar siz 30 yoshingizda ham hali bo'ydoq bo'lsangiz, endi «qiynoq» darajasi oshadi — endi dolchin o'rnini qalampir egallaydi. Suv o'rnini esa tuxum. Daniyada erkaklarning o'rtacha turmush yoshi 34, ayollarniki 32 bo'lib kelayotganligi sababli bu an‘ana anchayin chekingan, chunki hammani ommaviy «jazoga tortish» imkonsiz.

5. Maymun bufet festivali, Tailand. Mazkur festival 2007 yildan beri Tailandning Lopburi shahrida har yili an‘anaviy tarzda o'tkazib kelinadi. Qanchalar ajablanarli bo'lmasin, bunda odamlar yovvoyi uzun dumli makakalar uchun ziyofat uyushtiradi.

Foto: «Festival Sherpa»

Bu festival Tilandda turizmni rivojlantirishga katta hissa qo'shmoqda. Lopburi shahri Bangkokdan 150 kilometr shimolda joylashgan. Shaharning sayyohlarni jalb qiladigan asosiy diqqatga sazovor jihati — butun shahar bo'ylab erkin yashaydigan minglab maymunlardir. Bu maymunlar davlat tomonidan himoyalangan va ularga hujum qilish yoki haydash taqiqlanadi.

Maymunlar har kuni shahar byudjetidan ajratilgan mablag'lar hisobidan oziq-ovqat bilan ta‘minlanadi. Lopburi provinsiyasiga sayyohlarni jalb qilish usullaridan biri har yili noyabr oyining oxirgi yakshanbasida maymunlar uchun mevali bufet tashkil etishdir. Bunda minglab maymunlar Lopburi provinsiyasidagi Pra Prang Sam Yot ibodatxonasida to'planib, u yerda bufet stolida o'tirishadi.

Ma‘lumotlarga ko'ra, tadbir davomida maymunlar banan, olma, uzum kabi 4 tonnaga yaqin meva iste‘mol qiladi va meva sharbati, sut, mineral suv kabi ko'plab turli xil ichimliklar ichadi. Marmelad ham ushbu ziyofatning ajralmas taomlaridan biridir. Bufet ertalab soat 10 da boshlanadi. Bayramda mevalar va ichimliklardan tashqari maymun haykallari ham bezak sifatida ishlatiladi. Ko'pchilik tailandliklarning fikricha, maymunlarni boqish omad keltiradi, shu sababli festival mahalliy sayyohlarni ham o'ziga tortadi.

6. Polterabend, Germaniya. Mazkur nemis to'y marosimiga ko'ra, to'ydan oldingi kechada mehmonlar er-xotinning nikohiga omad keltirishi uchun chinni idishlarni sindiradi. Polterabend odatda kelinning yoki uning ota-onasining uyi oldida bo'lib o'tadi. Ko'pincha mehmonlar o'zlarining to'y munosabati bilan tayyorlagan sovg'alarini Polterabendga olib kelishadi.

Foto: «Business Weddings»

Marosimning eng kulminasion nuqtasi mehmonlar tomonidan olib kelingan chinni buyumlarning yerga uloqtirilishidir. Shuningdek, ularning safiga tosh buyumlar, guldonlar yoki plitkalar va boshqa keramik idishlar ham qo'shilib ketadi. Biroq ahisha buyumlar sindirilishiga yo'l qo'yilmaydi, chunki ular baxt ramzi sanaladi. Shundan so'ng er-xotin singan idishlar uyumini tozalashga kirishadi. Bu er-xotinning hayotdagi qiyin sharoit va vaziyatlarni birga yengib o'tishlari lozimligini anglatadi.

7. Yuzga tort chaplash an‘anasi, Meksika. Barchaga ma‘lum va mashhur bu an‘ananing vatani Meksikadir. Bunda tug'ilgan kuni bo'layotgan kishining qo'llari bog'lanadi va unga tort keltiriladi. Atrofdagilar «morida, morida» deya takrorlaydi. Bu ispanchada «tishla» degani. So'ng tug'ilgan kun egasi tortni tishlamoqchi bo'lib bo'yin cho'zganda, shirinlik uning yuziga chaplanadi. Tamom!

Foto: «VICE»

Ma‘zkur an‘ana, ayniqsa, suratkashlarning sevimlisi hisoblanadi. Lekin kuzatuvlar shuni ko'rsatmoqdaki, butun dunyo bo'ylab tarqalgan bu an‘anadan norozilik to'lqini kuchayib bormoqda va buni isrofgarchilik, bema‘nilik deya izohlashmoqda.

Ayrimlarning fikricha, tort ichida o'tkir shamlar yoki bezaklar bo'lishi mumkin, siz do'kondan tayyor sotib olgan tortingizning ichida nima borligini bilmaysiz va bu bilan tug'ilgan kun egasini xavfga qo'yishingiz mumkin. Yana boshqalarga ko'ra, tortlarning ustki qismi «yuzga chaplash uchun moslashtirilib» turli notabiiy mahsulotlar, ranglar va ko'piksimon moddalar bilan bezatilmoqda va bu mahsulotlarning iste‘moli u qadar ham xavfsiz emas.

8. Ivreya karnavali (apelsinlar jangi), Italiya. Shimoliy Italiyaning Ivreya shahrida o'tkaziladigan mazkur festival apelsin jangchilari deb nomlanuvchi uyushgan guruhlar o'rtasida o'zaro apelsin otish an‘anasini o'z ichiga oladi. Bu Italiya va unga qo'shni mamlakatlar orasida kuzatiladigan eng yirik oziq-ovqat «kurashidir».

Foto: «Carnifest»

Festival 2021 yilda «tanaffus oldi». Ilgari ham festivalni bekor qilish holatlari uchragan bo'lib, bu 1915–18 va 1940–45 yillarga to'g'ri keladi. Asosiy bayram an‘anaviy karnaval kunlari: yakshanba, dushanba va seshanba kunlarida bir-birlariga apelsin otadigan to'qqizta jangovar jamoaga bo'lingan minglab shaharliklar ishtirokidagi mahalliy mashhur «apelsinlar jangi»ga asoslanadi.

Karnaval fevral (ba‘zan mart) oyida bo'lib o'tadi. An‘anaga ko'ra, karnavalning yopilish paytida yangraydigan sokin marsh oxirida general o'z shevasida «arvedse a giobia a 'n bot» klassik iborasi bilan hamma bilan xayrlashadi.

9. Barmoq kesish marosimi. Sevimli insonining vafoti kishiga kuchli ruhiy ta‘sir ko'rsatishi tabiiy. Biroq yer yuzida shunday madaniyatlar borki, bunda yuqoridagi kabi yo'qotish nafaqat hissiy, balki jismoniy og'riqlarga ham olib kelishi mumkin — ular hissiy og'riqning jismoniy tasvirini qayg'u jarayonida muhim deb hisoblashadi.

Buni Papua va Yangi Gvineya hududidagi Dani qabilasi misolida ko'rish mumkin. Bunda har bir dafn marosimidan so'ng kimningdir barmoqlari kesib tashlanadi va bu, asosan, qabilaning ayollari bilan sodir bo'ladi. Agar oilaning biror a‘zosi, masalan, ayolning bolasi vafot etsa, ayol barmog'ining yuqori qismini kesib tashlaydi. Bu marosim ruhlarni xursand qilish va haydash uchun amalga oshirilgan va, shu bilan birga, unga jismoniy og'riqni qayg'u va azob-uqubat ifodasi sifatida ishlatish usuli sifatida qaralgan.

Dani qabilasi a‘zolarining diniy e‘tiqodiga ko'ra, agar marhum tirikligida qudratli shaxs bo'lgan bo'lsa, uning vafoti qishloqda uzoq vaqt davom etadigan ruhiy tushkunlikka sabab bo'ladi. Hozirda Yangi Gvineyada bu marosim taqiqlangan bo'lib, uning izlarini barmoq uchlarini kesgan ba‘zi keksa ayollarda ko'rish mumkin.

10. Chaqaloqni uloqtirish marosimi, Hindiston. Chaqaloq tashlash Hindistonning ma‘lum qismlarida amalga oshiriladigan hind marosimi bo'lib, bunda 2 yoshgacha bo'lgan chaqaloqlar ruhoniy tomonidan silkitiladi va 30-50 futlik ziyoratgoh yoki masjiddan tashlab yuboriladi. Dekabr oyining birinchi haftasida nishonlanadigan bu marosim Hindistonning Maxarashtra va Karnataka shtatlarining qishloq hududlaridagi hindular va musulmonlar tomonidan o'tkaziladi.

Unda har yili ikki yuzta oila qatnashadi va ikki yuzdan ortiq chaqaloq balandlikdan uloqtiriladi. Marosim 700 yillik tarixga ega. O'sha paytlarda u, asosan, kasal va o'lim yoqasidagi chaqaloqlar bilan o'tkazilgan va uloqtirishdan keyin pastda choyshab paydo bo'lib, bolani tutib qolsa, u omon qolishiga va xudoning marhamatiga ega bo'lishiga ishonilgan. Keyinchalik marosim diniy tantana, har bir oilaning burchi sifatida mazmunan yangicha tus olgan.

Qishloq aholisi bu marosim bolaga omad va uzoq umr olib keladi deb ishonishadi. 2009 yilda Bola huquqlarini himoya qilish milliy komissiyasi marosimni taqiqlashga uringan bo'lsa-da, u 2011 yilda Digambareshvara ibodatxonasida qayta tiklandi.

Bizda hozircha shular. Nima deb o'ylaysiz, bizning qaysi udum, marosim yo tantanalarimizga mazkur reytingdan o'rin bersa bo'ladi?