O'zbekistonda vazirliklarning hududiy bo'linmalari bitta binoga joylashtirilishi ma‘lum qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram'dagi kanali xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma‘lum qilinishicha, Prezidentning davlat boshqaruvi organlari va hokimliklar samaradorligini oshirish orqali aholi farovonligini ta‘minlash hamda «mobil boshqaruv apparati»ni yaratish maqsadida 2022–2023 yillarga mo'ljallangan «Yangi O'zbekiston ma‘muriy islohotlari dasturini ishlab chiqish bo'yicha tashkiliy chora-tadbirlar to'g'risida»gi farmoyishi qabul qilingan.

Unga ko'ra, Yangi O'zbekiston ma‘muriy islohotlari dasturi loyihasiga takliflar ishlab chiqilishida quyidagilar ustuvor yo'nalish hisoblanadi:

  • davlat boshqaruvi organlari maqomini belgilash;
  • takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarini qisqartirish;
  • rahbar o'rinbosarlarining yo'nalishlar kesimidagi javobgarlik chegarasini aniq belgilash;
  • vazirlik va idoralar shtat birliklarini maqbullashtirish;
  • boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish, ish yurituvini to'liq raqamlashtirish;
  • «Ochiq idora» loyihasini amalga oshirish;
  • davlat xizmatlarini to'liq raqamlashtirish va fuqarolarning sansalorligiga barham berish;
  • vazirlik va idoralarning ayrim funksiyalarini nodavlat sektorga o'tkazish;
  • tegishli vazirlik va idoralarning hududiy bo'linmalarini bitta ma‘muriy binoga joylashtirish orqali aholiga «Yagona darcha» tizimi asosida xizmat ko'rsatish;
  • kadrlarni tanlov asosida va keng raqobat muhitida ishga qabul qilishni to'liq joriy qilish;
  • o'z ustida ishlamaydigan va mas‘uliyati bo'lmagan kadrlarga nisbatan «jamoaviy ta‘sir»ni amalga oshirish;
  • vazirlik va idoralarda yagona kadrlar reytingini yuritish;
  • davlat xizmatchilari tomonidan olinadigan kafolatlangan bepul xizmat va vositalar paketini ishlab chiqish;
  • tender va tanlovlarni ochiq hamda shaffof holda o'tkazish tizimini takomillashtirish;
  • xalq deputatlari kengashlarining mahallalardagi mavjud muammolarni hal qilishdagi rolini oshirish;
  • mahalliy vakillik organlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish;
  • hokimlar, ularning o'rinbosarlari va maslahatchilarining vakolat chegarasini aniq belgilash.

Avvalroq Hisob palatasi tomonidan «2022 yil uchun O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to'g'risida»gi qonun loyihasi ekspertizasi va 2022 yil uchun byudjetnoma tahlili e‘lon qilingandi. Shuningdek, Prezident 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda byudjet parametrlari bo'yicha yig'ilish o'tkazgani xabar qilingan.