Xalq ta‘limi vaziri Baxtiyor Saidov 24 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi 68-maktabga bordi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati «Bugun.uz»ga xabar berdi.

Foto: Xalq ta‘limi vazirligi axborot xizmati

Ta‘kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqda 23 noyabr kuni «Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi 68-maktab og'ir ahvolda» degan maqola tarqalgan. O'rganish natijasida 338 nafar o'quvchi tahsil oladigan mazkur maktab 1985 yilda qurilgan bo'lib, maktabning ahvoli haqiqatan ham talabga javob bermasligi ma‘lum bo'ldi.

Baxtiyor Saidov maktabni 2022 yil investisiya dasturiga kiritish yuzasidan tegishli mas‘ullarga ko'rsatma berdi. Shuningdek, u bugungi kunda Qarshi tuman xalq ta‘limi bo'limi boshlig'i lavozimi vakant bo'lgani bois mazkur lavozimga nomzodlarni ko'rib chiqish bo'yicha ko'rsatma berdi.

Foto: Xalq ta‘limi vazirligi axborot xizmati

Shuningdek, maktabga ishchi tashrif davomida vazir maktab pedagoglari bilan suhbatda bo'lgan.

«Maktabingizni investisiya dasturiga kiritib, holatini imkon boricha tez fursatlarda yaxshilab berishga harakat qilamiz. Bugun sizlardan so'raydigan narsam, o'zingiz ta‘lim va tarbiya berayotgan o'quvchilar orqali oilalarga ma‘naviyat va ma‘rifat olib kirishingiz kerak. Har bir bola orqali biz jamiyatga ma‘rifat ulasha olishimiz kerak. Shunda oldimizga qo'yilgan maqsadga erishamiz», — degan vazir.

Foto: Xalq ta‘limi vazirligi axborot xizmati
Foto: Xalq ta‘limi vazirligi axborot xizmati

Shundan so'ng u sinfxonalarga kirib, o'quvchilarga vazir darsini o'tib bergan. Dars davomida o'quvchilarga o'zlari uchun yorqin kelajak yaratishga bugundan harakat qilishlari zarurligini uqtirilgan.

«Yaxshi kasb egasi bo'lish uchun bugundan o'z ustingizda ishlashingiz lozim. Bugun mehnat qilsangiz, o'qisangiz, o'z ustingizda ishlasangiz, ertaga, albatta, yuksak marralarni zabt etasiz», — degan Baxtiyor Saidov.

Avvalroq xalq ta‘limi vaziri Jizzax viloyatiga borib, eng chekka hududlarda ham o'quvchilar jahon standartiga mos ta‘lim olishi lozimligi, bu borada mas‘ullar o'qituvchilarga sharoit yaratishi kelgusi strategiyaning eng asosiy yo'nalishi bo'lishini ma‘lum qilgandi.