Afrika qit‘asining bir qancha mamlakatlari, jumladan, Botsvana va Janubiy Afrikada koronavirusning yangi xavfli shtammi aniqlandi. Bu haqda «Daily Mail» xabar berdi.

Foto: «Aljazeera»

Ma‘lum qilinishicha, 32 mutasiyadan iborat yangi virusga «B.1.1.529» nomi berilgan. Britaniyalik olimlar tomonidan aniqlangan virus yuqori patogenlik darajasiga egaligi va aniqlangan barcha variantlariga qaraganda xavfliroq deb baholangan. Shuningdek, bu shtamm Gonkongda ham topilgan.

London Universitet kolleji professori Fransua Balluning so'zlariga ko'ra, koronavirusning bu varianti birinchi navbatda OITSga chalingan odamda paydo bo'lishi mumkin. Ammo London Imperial kolleji virusologi, doktor Tom Peacock allaqachon bu shtammni «dahshatli» deb qayd etgan.

Boshqa tomondan, virus juda ko'p mutasiyalangani sababli delta kabi keng tarqalmasligi aytilgan. Shuningdek, olimlar ushbu shtamm bo'yicha qo'shimcha tadqiqotlar o'tkazish zarurligini ta‘kidlagan. Yangi tadqiqotlar uning vaksinalarga qanchalik chidamliligini aniqlashga yordam berishi, shuningdek, uning yuqumlilik darajasini ham aniqlashi aytilgan.

Avvalroq Britaniyada ko'rshapalaklarda koronavirusning yangi turi aniqlangandi. Shuningdek, rossiyalik virusolog bemorning koviddan to'liq tuzalganini ko'rsatuvchi belgini ma‘lum qilgandi.