Dunyo bo'ylab Afg'onistonda ayollarga nisbatan zo'ravonlik eng yuqori ko'rsatkichda ekani ma‘lum qilindi. Bu bo'yicha BMT hisoboti e‘lon qilindi.

Foto: «Patras Times»

Ma‘lum qilinishicha, dunyo bo'ylab har 3 ayoldan 1 nafari, asosan, yaqin sherigi tomonidan jismoniy yoki jinsiy zo'ravonlikka duchor bo'ladi. Afg'onistonda bu holat dunyodagi ayollarga nisbatan zo'ravonlikning eng yuqori ko'rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Jumladan, har 10 ayoldan 9 nafari kamida bir turdagi zo'ravonlikka duch keladi.

«Afg'onistonda ayollar, qizlarning o'z huquq va erkinligini, xususan, ularning ishlashi, ta‘lim olishiga cheklov qo'yilgani sababli zo'ravonlik yanada kuchaygan», deyiladi xabarda.

«Biz ayollar va qizlarning ehtiyojlariga javob berishimiz, ularning sog'liqni saqlash xizmatidan foydalanishiga imkon yaratishimiz kerak», — deydi BMT ayollar tashkilotining Afg'onistondagi vakili Alison Davidian.

Avvalroq «Tolibon» harakati bir masalada va‘da bergani ma‘lum bo'lgandi. Shuningdek, BMT Afg'onistonda afyun yetishtirish ko'payganini qayd etgandi.