Xayrli kech, ushbu o'qib turganingiz — «Bugun»ning eng sara va muhim xabarlari joy olgan «Bugun oqshomi» dayjesti.

O'qishga kirishga kirvolib, kontraktini to'lolmay yurgan yangi talabalarga yaxshi xabar: to'lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abiturientlar uchun to'lovni amalga oshirish muddati uzaytirilishi kutilmoqda.

Foto: «Bugun.uz»

Oliy ta‘lim vazirligi aksariyat talaba va ularning ota-onasi murojaatini inobatga olib, to'lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan va o'qishini bir OTMdan boshqasiga ko'chirgan talabalarga kontrakt to'lovlarini amalga oshirish muddatini uzaytirish bo'yicha takliflar tayyorlagan. Va bu amalga oshishi mumkin.

MIB 3 mingdan ortiq qarzdorni qidirmoqda. Ularning 2 mingtasi O'zbekistonda, qolgani chet elda.

Majburiy ijro byurosi 3 ming 264 nafar qarzdorni qidirib topish ishlarini olib bormoqda. O'zi, umuman, yil davomida (2021 yilning o'tgan davrida) 7 ming 800 dan ziyod jismoniy shaxs qidiruvda bo'lgan va ulardan 4 ming 500 nafardan (58 foiz) ortig'i topilib, majburiy ijro harakati o'tkazilgan.

Foto: «Bugun.uz»

Hozirda 3 ming 264 nafar qarzdorni qidirib topish chorasi ko'rilmoqda, ushbu shaxslarning 2 ming 149 nafari respublika hududida yashirinib yurgani, 1 ming 115 nafari esa turli maqsadda chet elga chiqib ketgani aniqlangan.

O'zbekistonda yana is gazi balosi: Nukusda ijarada yashovchi talaba is gazidan zaharlanib vafot etdi.

Foto: «Bugun.uz»

Qoraqalpog'istonning Nukus shahrida 24 noyabr kuni ijarada yashovchi pedagogika instituti talabasi R.R. is gazidan zaharlanib vafot etdi. Aniqlanishicha, uyda shu kuni marhumdan tashqari yana 6 kishi bo'lib, R.R. oshxonada, qolganlar boshqa xonalarda uxlagani sababli ular is gazidan zaharlanmagan. 

Hozirda holat bo'yicha Nukus shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda. Tekshirish harakatlari Qoraqalpog'iston prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

O'zbekiston MDH mamlakatlari orasida elektron chiqindi eng ko'p mamlakatlardan biri ekani aniqlandi. Ular deyarli qayta ishlanmaydi.

BMT ekspertlari tomonidan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi mamlakatlari orasida elektron chiqindi miqdori bo'yicha tadqiqot olib bordi. Unga ko'ra, so'nggi 10 yil ichida MDH davlatlari va Gruziya poligonida import qilinadigan elektronika hajmi deyarli o'zgarmaganiga qaramay, elektron chiqindilar miqdori salkam 1,5 baravarga ko'paygan. Bu chiqindilarning atigi 3,2 foizi qayta ishlangan.

Foto: «Shutterstock»

Yangi tadqiqotda Balde va uning hamkasblari MDHning 11 davlati va Gruziyadagi elektron chiqindilar bilan bog'liq vaziyatni ko'rib chiqqan va bunday chiqindilarning aksariyati Rossiya, Ukraina, Qozog'iston va O'zbekistonda ekanini aniqlagan. Bu chiqindilarning atigi 3,2 foizi, ya‘ni 79 ming tonnaga yaqini qayta ishlangan.

Elektron chiqindilarni qayta ishlash korxonalari bor-yo'g'i to'rtta davlatda — Belarus, Qozog'iston, Rossiya va Ukrainada mavjud. Ularning aksariyati Belarusda bo'lib, u yerda to'plangan elektron chiqindilarning taxminan 33 foizi qayta ishlanadi. Boshqa barcha hududlarda bu ko'rsatkich 5–10 foizdan oshmaydi yoki butunlay nolga teng.

Ma‘lumot uchun, elektron chiqindilarga eskirgan yoki jismoniy eskirgandan keyin chiqindixonaga tushadigan elektron qurilmalarning tarkibiy qismlari kiradi. Qoidaga ko'ra, bunday chiqindilarda oltin, litiy, kobalt va boshqa elementlarning nisbatan katta miqdori saqlanib qoladi, ularning zaxiralari Yerda cheklangan hisoblanadi.

Bugungi karikaturamiz IMEI muammosiga bag'ishlanadi. Bunga AKT vazirligiga tayinlangan yangi rahbar — Sherzod Shermatov qisqacha to'xtalib o'tdi.

Foto: «Bugun.uz»

Shermatov bu bo'yicha chuqur kirmadi, shunchaki yuzaki «hal qilishimiz kerak» bilan cheklandi. Agar vazirning so'zlari jiddiy bo'lib, haqiqatda o'zgarish bo'lsa, xalqqa anchayin oson bo'ladi.

«IMEI kodlarini ro'yxatdan o'tkazish jarayonini iste‘molchilar uchun yanada osonlashtirish yo'llarini topishimiz kerak», — dedi AKT vaziri Sherzod Shermatov.

Kolumnistimiz Habibullo Mo'ydinov IMEI muammosini karikatura orqali aks ettirishga harakat qildi.

Karikatura: «Bugun.uz» / Habibullo Mo'ydinov

Xo'sh, olamda nima gap?

Qirg'izistonda 5 ta maktabda terakt sodir etmoqchi bo'lgan 6-sinf o'quvchisi ushlandi. U bu haqda TikTok’da ma‘lum qilgan.

Qirg'iziston poytaxti Bishkek shahrida 6-sinf o'quvchisi 5 ta maktabda terakt sodir etmoqchiligi haqida xabar berdi. U TikTok’dagi akkauntiga Bishkekdagi bir nechta maktablarga rejalashtirilgan hujumlar haqida xabar beruvchi tahdidli video joylagan.

TikTok’dagi ushbu sahifa poytaxt maktablaridan birida 6-sinfda o'qiydigan, 2009 yilda tug'ilgan 12 yoshli bolaga tegishli ekani aniqlangan. Tergov paytida o'quvchi bularning barchasini bezorilik niyatida qilganini ta‘kidlagan. Mazkur fakt Qirg'iziston Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi (terrorchilik akti to'g'risida qasddan yolg'on xabar berish) bilan ro'yxatga olingan. Hozirda qo'mita ushbu hodisaga aloqador boshqa shaxslarni qidirmoqda.

Bugun bilan yashang. «Bugun»da qoling.