Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo'jaev 25 noyabr kuni xalq deputatlari shahar kengashiga murojaat qildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Murojaatnomada, xususan, 24 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyevning aholini rozi qilish, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahriga, jumladan, Shayxontohur tumaniga qilgan tashrifiga to'xtalib o'tilgan.

«Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar, hurmatli yig'ilish ishtirokchilari. Bugungi sessiyani chaqirishimizdan maqsad jonajon shahrimiz, azim poytaxtimizni toza, ozoda, ko'rkam shaharga aylantirishda Siz — hurmatli deputatlarimiz bilan fikrlashib, aniq yo'nalishlarni belgilab olishdir.

Xabaringiz bor, joriy yilning 24 noyabr kuni hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev aholini rozi qilish, ularni yashash sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahriga, jumladan, Shayxontohur tumaniga tashrif buyurdilar. Tashrif davomida davlatimiz rahbari mahallalarda amalga oshirilayotgan ‘Obod mahalla’ dasturi va ‘Yashil makon’ umummilliy loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Bevosita aholi bilan muloqot qildilar.

Ommaviy axborot vositalari orqali barchangiz guvoh bo'ldingiz, Davlatimiz rahbari aholi xonadonlariga kirib, ularning yashash sharoiti bilan qiziqdilar. Xonadon egalari bilan yaqindan suhbat qurdilar. Shuningdek, Prezidentimiz qator ijtimoiy soha ob‘ektlarini ham ko'zdan kechirib, farzandlarimiz ta‘lim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishdi.

Hurmatli deputatlar, albatta, amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlarimiz, yutuqlarimiz talaygina, ular o'zimizniki. Lekin, shu bilan birga, tan olishimiz kerak: yo'l qo'ygan xato va kamchiliklarimiz ham yetarli ekanini davlatimiz rahbari yaqqol ko'rsatib berdilar. Nafaqat ko'rsatib berdilar, balki ularning yechimi bo'yicha aniq yo'nalishlar va vazifalarni belgilab berdilar. Xususan, ‘Yashil makon’ umummilliy loyihasi va ‘Obod mahalla’ dasturini amalga oshirilishda yo'l qo'ygan qator xato va kamchiliklarimizni izohlashga so'z yo'q.

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining qaroriga ko'ra, ‘Yashil makon’ umummilliy loyihasini tatbiq etish hamda daraxtlarni ekish, parvarishlash va ko'kalamzorlashtirish tizimini samarali tashkil etish maqsadida ‘dolzarb 40 kunlik’ e‘lon qilindi. Loyiha doirasida 2021 yil kuz va 2022 yil bahor mavsumlarida ‘1 million daraxt’ tashabbusi doirasida daraxt va buta ko'chatlarini ekish bo'yicha boshqarma va tashkilotlar kesimida dastur ishlab chiqildi. Shu jumladan, 243 ta ko'cha va 19 ta markaziy maydonga 101,6 ming dona manzarali daraxt va buta ko'chatlari ekiladi. Tuman hokimliklari tomonidan 575 ta mahalladagi bo'sh yer maydonlariga daraxt va buta ko'chatlarini ekish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Dasturlar, chora-tadbirlar, albatta, qog'ozda juda ham chiroyli, salmoqli. Lekin uni amalga oshirishda ayrim mas‘ullarda fidoyilik, vatanparvarlik, shijoat, o'z shahriga, yashayotgan mahallasiga mehr-muhabbat tuyg'usi yetmayapti», — degan hokim.

Jahongir Ortiqxo'jaev, shuningdek, daraxt ekib qo'yilgani, lekin ko'chatni bunaqa tarzda ekishni mensimaslik deyish mumkinligi, nomiga tiqib qo'yilgani, davlat daraxt ko'chatlariga shuncha pul berayotgani, ammo mahallalar haftada bir kun o'zi yashaydigan uy atrofini yig'ishtirishga chiqmayotgani bo'yicha aytilgan Prezident so'zlarini keltirib, buni o'z ishiga berilgan baho deb bilishini ma‘lum qilgan.

«Biz hurmatli Prezidentimizning ushbu so'zlaridan xulosa qilishimiz kerak. Yo'l qo'yilgan xatolarimizni bartaraf etish choralarini ko'rishimiz kerak. Bu yo'nalishda ishimizni tubdan qayta ko'rib chiqamiz. Bu borada biz amaliy ishlarni boshlab yubordik. Jumladan, Toshkent shahri va tumanlarda ishchi guruhlar tuzib, mahallalarni birma-bir o'rganib, aniq manzilli chora-tadbirlar belgilayapmiz. Tasdiqlangan grafikka asosan, Uchtepa tumanida o'rganishlar o'tkazildi. Bunda mahallalar, ko'p qavatli uylar va ularga tutash hududlar tozaligi, ko'kalamzorlashtirilgani, irrigasiya tizimlarini ishlashi va boshqa masalalar joyida mutasaddilar ishtirokida o'rganildi.

Qator xato va kamchiliklarga yo'l qo'ilgani uchun bir nechta mas‘ullarga nisbatan keskin choralar ko'rishga majbur bo'ldik. Xususan, Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig'i vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, Uchtepa tumani hokimining qurilish hamda kommunal masalalari bo'yicha o'rinbosarlari ham lavozimidan ozod etildi. Tuman hokimiga esa hayfsan berildi. Hududlarni o'rganish chog'ida bir narsa ayon bo'ldiki, yerlik va ko'p xonadonli uylar joylashgan mahallardagi muammolar bir-birini takrorlamaydi.

Ko'p xonadonli uylar joylashgan mahallalarda uylarning tutash hududlari, irrigasiya tarmoqlari, bolalar maydonchalari, yo'laklar, uylar yerto'lalari chiqindidan tozalanmagan. Chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash hollari va, ming afsuski, yuqori qavatlardan tashlab yuborish hollari oddiy holga aylangan. Daraxtlarga shakl berilmagan, sug'orilmagan. Yangi ekilgan nihollar qarovsiz holda o'z holiga tashlab qo'yilgan. Kuzgi xazonrezgi davrida hosil bo'lgan xazonlar yig'ilmagan va o'z vaqtida olib chiqilmagan. Hududlarni supurish maqsadida mas‘ul xodimlar ajratilmagan, ajratilgan bo'lsa ham, qog'ozda bo'lib, xaqiqatda bu xodimlar faoliyat yuritmagan. Bu ishlarga mas‘ul bo'lgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan yuqoridagi muammolarga panja ortidan qaralgan, ularni bartaraf qilish choralari ko'rilmagan.

Ko'p xonadonli uylarda yashovchi fuqarolar bu masalalarga e‘tiborsizlik bilan qarab, ‘Vatan ostonadan boshlanadi’,  ‘Mening mahallam, mening uyim’, ‘Mahalla — Vatanning bir bo'lagi’ kabi ming yillik tushunchalarni unutib qo'ymoqdalar. Hafta yoki oyda bir marotaba bo'lsa ham, fuqarolar tomonidan ota-bobolarimizdan qolgan udum, an‘ana — hasharlar uyushtirilmagan.

Hurmatli deputatlar!

Yuqoridagilardan kelib chiqib, azim Toshkentimizni ozoda va pokiza saqlash maqsadida quyidagilarni o'zimizga vazifa qilib belgilab olishimiz kerak. Toshkent shahrida ‘Obod mahalla’ dasturi va ‘Yashil makon’ umummilliy loyiha doirasida olib borilayotgan obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida xiyobonlar tashkil etish, daraxt ko'chatlarini ekish, ularni parvarish qilish bo'yicha ishlarimizni jadallashtirishimiz zarur.

Yuqoridagi holatlarni bartaraf etish va o'z navbatida maishiy chiqindilarni belgilangan joylarga olib borib tashlashlari, sanitariya qoidalariga rioya qilishlari, ayniqsa, yoshlarimiz tarbiyasida ushbu masalada e‘tiborli bo'lishlarini fuqarolarimiz ongiga singdirib borishimiz maqsadga muvofiq bo'ladi. Ushbu masalalarga aholini befarq bo'lmasliklari uchun tushuntirish va targ'ibot ishlarini olib borish siz deputatlar va mahalla faollarini roli katta. Buning uchun barcha mahallarda olib borilayotgan ishlarda nafaqat boshqarma va tashkilotlar xodimlari, balki hududda istiqomat qiluvchi aholini faolligini ham oshirishni zarur deb hisoblayman.

Tasavvur qiling, har bir xonadondan fuqarolarimiz farzandlari bilan kamida 4 tadan ko'chat eksa, bu tashabbuslar 2–3 yildan so'ng shahrimiz yashilligiga, ekologiyasiga qanchalik ijobiy ta‘sir ko'rsatadi.

Ko'p qavatli uylar oldidagi betartib panjaralar va o'zboshimcha o'ramalar, panjaralarni bartaraf qilish, xazonrezgilardan tozalash, to'planib qolgan maishiy va boshqa turdagi chiqindilarni olib chiqib ketilishida nazorat ishlari kuchaytirilish zarur. Buning uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko'p qavatli uylar atrofinini tozalash ishlarining sifatli va o'z vaqtida amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kerak. Shu bilan birga, mulkchilik shaklidan qat‘iy nazar barcha korxona, boshqarma, tashkilot va idoralarning o'z ichki hududlarida va tutash hududda obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish hamda ‘Yashil makon’ umummilliy loyihasi doirasida ko'chatlar ekish, mavjud daraxtlarni parvarishlash, shakl berish ishlariga har kuni bir soatdan vaqt ajratilsa, shahrimiz ozodaligi va ko'rkamligi yanada ortadi...

Hurmatli deputatlar, yig'ilish ishtirokchilari! Bugungi murojaatdan kelib chiqib, barchamiz o'zimiz uchun to'g'ri xulosa chiqarib, vazifalarni aniq belgilab, kelgusida bunday xato va kamchiliklarni takrorlamasligimiz muhim. Prezidentimiz boshchiligida barcha sohalarda jadallik bilan olib borilayotgan islohotlar, ularning natijasi aholining roziligi va inson qadri uchun ekani bajarayotgan ishlarimizni baholashda bosh mezon bo'lib qolishi zarur. E‘tiborlaringiz uchun raxmat. Sog' bo'linglar», — deb murojaatini yakunlagan hokim.

Avvalroq Prezident Shayxontohur tumanidagi mahallalarga borgani, unda obodonlashtirish ishlari bo'yicha tanqidiy munosabat bildirib, tegishli topshiriqlar bergani ma‘lum qilingan.