Farg'ona viloyati Qo'shtepa tumanidagi maktabgacha ta‘lim tashkiloti binosidan 20 noyabr kuni bir nafar fuqaroning jasadi topilgani xabar qilingandi. Maktabgacha ta‘lim vazirligi voqea yuzasidan munosabat bildirdi.

Foto: «Bugun.uz»

Ma‘lum bo'lishicha, 20 noyabr kuni tuman hududida joylashgan 27-maktabgacha ta‘lim tashkiloti binosidan bir nafar fuqaroning jasadi topilgan. Mazkur holat Farg'ona viloyati maktabgacha ta‘lim boshqarmasi rahbariyati tomonidan to'liq nazoratga olingan. Shuningdek, munosabatda Qo'shtepa tumani hokimining qarori bilan mazkur baxtsiz hodisa sabablari maxsus ishchi guruh tomonidan o'rganilayotganini, o'rganish xulosalari tayyor bo'lsa bu haqda qo'shimcha ma‘lumot berilishi aytilgan.

Qayd etilishicha, ushbu shaxs Qo'shtepa tumanidagi «Qo'rg'oncha» mahallasida joylashgan 27-sonli davlat maktabgacha ta‘lim tashkilotida mavsumiy o't yoquvchi vazifasida faoliyat yuritgan. Vazirlik barcha ommaviy axborot vositalari va blogerlardan vafot etgan shaxs hamda uning qanday lavozimda faoliyat olib borganligi haqidagi taxminiy, tasdiqlanmagan ma‘lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmasliklarini so'ragan.

Eslatib, o'tamiz avvalroq sud tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko'ra, marhum is gazidan zaharlangan deb birlamchi xulosa berilgan.

Avvalroq Samarqandda konteyner ichida ikki kishi o'lik holda topilgandi. Shuningdek, Toshkentda IIBga so'roq qilish uchun keltirilgan erkak ertasi kuni o'lik holda topilgani ma‘lum qilingan.