Germaniya sosial-demokratik partiyasi yetakchisi, shuningdek, mamlakatning bo'lajak kansleri Olaf Shols Angela Merkelga ramziy ma‘noga ega sovg'a berdi. Bu haqda «Bild» xabar berdi.

Foto: «Bild»

Ma‘lum qilinishicha, Shols Merkelga amaldagi Vazirlar Mahkamasining so'nggi yig'ilishida balandligi 1 metr bo'lgan qizil daraxt tupini sovg'a qilgan. Tuhfa ramziy ma‘noga ega bo'lib, «nordon» (nemischa «sauer») tuproqda o'sishi kerak, «sauer» so'zi esa Merkelning turmush o'rtog'i Ioaxim Zauerning ismi bilan bir xil eshitiladi.

Foto: «Bild»

Bundan tashqari, Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Zaybertning Twitter’da yozishicha, Merkelga guldasta ham taqdim etilgan. Shuningdek, u sahifasiga hukumat a‘zolarining birgalikda tushgan suratini ham joylashtirgan.

Foto: «Bild»

Ma‘lumot o'rnida, Merkel 2005 yildan beri (to'rt muddat) Germaniya kansleri bo'lib ishlagan, shuningdek, Xristian demokratik ittifoqiga raislik qilgan. 2018 yildagi saylovda esa keyingi muddat oxirida lavozimidan ketishini e‘lon qilgan.

Hukumat rahbari Merkelning vakolat muddati tugashi haqidagi xabarni 26 oktyabr kuni ma‘lum qilgan. U yangi Vazirlar Mahkamasi shakllanmaguncha kansler lavozimida ishlaydi.

Avvalroq Germaniya prezidenti Angela Merkeldan kansler lavozimida qolishni so'ragani va Merkel iste‘foga chiqqach, qaerda yashamoqchiligi ma‘lum qilingan.