Majburiy ijro byurosi tomonidan hozirda 3 ming 264 nafar qarzdorni qidirib topish chorasi ko'rilmoqda. Bu haqda AOKAda o'tkazilgan brifingda byuro axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo'latov ma‘lum qildi.

Foto: «Bugun.uz»

Ta‘kidlanishicha, amalga oshirilgan tezkor-qidiruv faoliyati natijasida 2021 yilning o'tgan davrida qarzdorligi tufayli 7 ming 800 dan ziyod jismoniy shaxsga nisbatan qidiruv e‘lon qilingan bo'lib, shundan 4 ming 500 nafardan (58 foiz) ortig'i topilib, majburiy ijro harakati o'tkazilgan.

Hozirda 3 ming 264 nafar qarzdorni qidirib topish chorasi ko'rilmoqda, ushbu shaxslarning 2 ming 149 nafari respublika hududida yashirinib yurgani, 1 ming 115 nafari esa turli maqsadda chet elga chiqib ketgani aniqlangan.

Qidiruvdagi shaxslar topilishi natijasida qarzdorlardan jami 30 milliard 700 million so'm, shu jumladan, 22 milliard 800 million so'm aliment puli undirilib, voyaga yetmaganlarning moddiy ta‘minot olishi ta‘minlangan.

Byuro organlarida sud hujjatlariga asosan, farzandlarning ona tarbiyasiga olib berish bilan bog'liq 57 ta ijro ishi amalda tamomlandi. Qolgan ishlar bo'yicha qidiruv harakati davom etmoqda.

Avvalroq Xorazmda qarzdorga tegishli 2 ta «Captiva» xatlangani xabar qilingandi. Shuningdek, Jizzaxda tadbirkor foydasiga 252 million so'm qarz undirib berilgan.