Namangan viloyati Chortoq tumanida erkak janjalni to'xtatishga uringan profilaktika inspektorini pichoqlab qo'ydi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kadr: Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati

Ma‘lum bo'lishicha, tanishiga 2020 yil dekabr oyida 4,5 million so'm qarz bergan erkak salkam bir yil ichida pulini qaytarib ololmaganligini aytib, tuman ichki ishlar bo'limiga qo'ng'iroq qilib, qarzni undirib berishni so'ragan.

Profilaktika katta inspektori, kapitan Obid Botirov qarzdorning uyiga borib, vaziyatni tushuntirgan. Qarzdor ichki ishlar bo'limiga borishi kerakligini eshitgach, uyidan oshxona pichog'ini olib chiqib, tanishiga tashlangan. Shu vaqtda pichoq erkakni himoya qilishga uringan inspektorga sanchilgan. Voqea oqibatida xodim tumandagi tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Muolajalar yordamida uning hayoti saqlab qolingan.

Avvalroq Toshkent viloyatida 18 yoshli yigit profilaktika inspektorini pichoqlagandi. Shuningdek, Buxoroda erkak profilaktika inspektorini urib, jarohat yetkazgani xabar qilingan.