Muomalaga chiqarilgan yangi ko'rinishdagi so'm banknotlar barcha bankomatlarda ham mavjud emas, ammo 2013 yil namunasidagi 5 ming so'm va 2017 yil namunasidagi 10 ming so'mlik pullar bankomatlarda bemalol ishlayapti. Markaziy bank vakili «Bugun.uz» so'roviga javoban ushbu holatga izoh berdi.

Foto: «Bugun.uz»

Ma‘lum qilinishicha, yangi banknotlarni bankomatlarga qo'yish uchun ulardagi kassetalar o'lchamini va dasturiy ta‘minotini ushbu banknotlarga moslashtirish lozim, lekin bu unchalik muammo tug'dirmaydi.

«Ta‘kidlash lozimki, yangi banknotlarni bankomatlarga qo'yish uchun ulardagi kassetalar o'lchamini va dasturiy ta‘minotini ushbu banknotlarga moslashtirish lozim. Bu jarayon ma‘lum vaqt talab etsa-da, aytarli muammosi yo'q. Biroq bugungi kunda muomalada mavjud bo'lgan 2021 yil namunasidagi yangi banknotlarning soni kam va o'z-o'zidan ularning banklarga kelib tushish hajmi ham ko'p emas. Hozirda yangi namunadagi banknotlar asosan ish haqi, pensiya to'lovlari uchun bevosita bank kassalari orqali, shuningdek, valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali muomalaga chiqarilmoqda.

Masalan, joriy yilning 1 noyabr holatiga ko'ra muomaladagi 2000 so'mlik banknotlar 27,5 million donani, 20 ming so'mlik 14,5 million donani, yangi ko'rinishdagi 5 ming so'mlik 19 million donani, 10 ming so'mlik 15,1 million donani tashkil qiladi. Shunday ekan, bankomatlarning dasturiy ta‘minoti va texnik imkoniyatlari ushbu banknotlarga moslashtirilgani holda banklarga shu banknotlarning kelib tushishi yetarlicha bo'lmasa, bankomatlarni o'z vaqtida naqd pullar bilan ta‘minlashda ma‘lum muammolar, ya‘ni yangi ko'rinishdagi banknotga moslashtirilgan kassetani doimiy pul bilan to'ldirib borishda uzilishlar yuzaga kelishi mumkin.

Zarur hollarda yangi banknotlarni Markaziy bankdan olish mumkin bo'lsa-da, bu ham, ya‘ni bankka olib kelish va bankomatlarga qo'yishgacha bo'lgan jarayon muayyan vaqt talab etadi. Ayni paytda eski namunadagi banknotlar ham o'z to'lov qobiliyatini yo'qotmagan va yangi ko'rinishdagi banknotlar bilan parallel ravishda muomalada bo'lib turibdi. Shu bilan birga, HUMO to'lov tizimidagi bankomatlar bosqichma-bosqich yangi ko'rinishdagi banknotlarga moslashtirib borilmoqda», — deydi bosh regulyator vakili.

Ta‘kidlanishicha, bankomatlarda yangi banknotlarning bemalol ishlashi masalasi muomalada yangi banknotlar salmog'ining ko'payib borishi, ularning banklarga kelishi hajmining ham ortishi bilan hal etiladi va bu borada sa‘y-harakatlar olib borilmoqda.

Eslatib o'tamiz, Markaziy bank tomonidan 2021 yilning iyun oyida 2000 va 20 000 so'mlik banknotlar, avgust oyida yangi ko'rinishdagi 5000 va 10 000 so'mlik pullar muomalaga chiqarilgan, eski va yangi namunadagi 5000 hamda 10 000 so'mlik pullar bir vaqtning o'zida barcha joyda erkin muomalada bo'lishi aytilgan edi.