Hukumat qarori bilan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash imkoni bo'lmagan taqdirda shartli bojxona qiymatini belgilash orqali ularni chiqarib yuborish tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: «Sputnik O'zbekiston»

Unga ko'ra, tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash imkoni bo'lmaganda ular bojxona yuk deklarasiyasi asosida shartli ravishda chiqarib yuboriladi. Bunda bojxona organi tovarlarning shartli bojxona qiymatini mustaqil belgilaydi.

Qiymatni belgilash orqali tovarlarni chiqarib yuborish deklarant xohishiga ko'ra, jumladan, tovar-xomashyo birjalarining xorijdagi savdo maydonchalarida tuzilgan bitimi bo'yicha tovar yakuniy narxi aniq bo'lmaganda amalga oshirilishi mumkin. Deklarant tovarlarni shartli bojxona qiymati asosida aniqlab, axborot tizimi orqali bojxona organlariga murojaat qiladi.

Qayd etilishicha, to'lov amalga oshirilgach, bojxona organi 2 ish kunida tovarlarni shartli bojxona qiymati asosida rasmiylashtiradi. Deklarant yakuniy bojxona qiymatini belgilash maqsadida ma‘lum qilingan qiymatni asoslash uchun tovar chiqarib yuborilgandan so'ng 60 kunda zarur hujjatlarni taqdim etadi.

Avvalroq O'zbekistonda bojxona postlarida normadan ortiq tovarlarni vaqtincha saqlash tartibi belgilangani xabar qilingan.