Sog'liqni saqlash vazirligi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi bilan birgalikda amalda bo'lgan Reseptsiz beriladigan dori vositalari ro'yxatini yangilash bo'yicha buyruq loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: «ABC»

Ma‘lum bo'lishicha, 2021 yilning iyul oyidan Sog'liqni saqlash vazirligi buyrug'i asosida Reseptsiz beriladigan dori vositalari ro'yxati keskin kamaytirilgan. Bu sababli monopreparatlar pozisiyasi 105 taga, majmuaviy preparatlar ro'yxati esa 118 taga qisqarib ketgan.
 
Vazirlik buning oqibatida reseptsiz ham berilishi mumkin bo'lgan dorilarni xarid qilish uchun bemor yo'l bosib, vaqt yo'qotib, navbat kutib, shifokor qabuliga kirishga majbur bo'layotganini qayd etgan. Aytilishicha, bunday ovoragarchilik va byurokratik to'siqlar aholining tibbiyot tizimiga nisbatan ishonchi kamayishiga, qolaversa, farmasevtika kompaniyalarining e‘tirozlariga sabab bo'lgan. Shuningdek, qonunchilik talablariga ko'ra, resept asosida beriladigan preparatlarni targ'ibot qilish taqiqlangani aytilgan.

Qayd etilishicha, bu holat aholining zarur dori vositalari haqidagi ma‘lumotlardan xabardorligini cheklagan. Bundan tashqari, tempalgin, mukomilt, deksaflyu, tabeks kabi qator preparatlarni chet el dorixonalaridan hech qanday cheklovlarsiz xarid qilsa bo'lishi, bizda esa buning uchun resept so'ralishi aytilgan. 

Sog'liqni saqlash vazirligi ana shu muammolarga yechim topish uchun kelib tushayotgan e‘tiroz va murojaatlar, qolaversa, xalqaro amaliyot hamda xorijiy tajribani o'rgangan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi bilan birgalikda amalda bo'lgan Reseptsiz beriladigan dori vositalari ro'yxatini bekor qilib, uni yangilash bo'yicha buyruq loyihasini ishlab chiqqan. Unga muvofiq, reseptsiz beriladigan preparatlar ro'yxati kengaytirilayotgani ta‘kidlangan.

Aytilishicha, yangi buyruq yaqin kunlarda regulation.gov.uz portalida muhokamaga qo'yiladi va Adliya vazirligi tomonidan ro'yxatga olingach, kuchga kiradi.

Avvalroq Antibiotiklarni shifokor reseptisiz sotish qonun bilan taqiqlanishi aytilgandi.