Rossiyadan O'zbekistonga 24 noyabr kuni birinchi «Agroekspress» poezdi yetib keldi. Bu haqda «O'zbekiston temir yo'llari» aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati xabar berdi.

Foto: «O'zbekiston temir yo'llari» axborot xizmati

Ma‘lum qilinishicha, poezd Toshkentga muzlatilgan parranda go'shti partiyasini yetkazib bergan. Tajriba sifatida konteynerlar partiyasi chegara va bojxona tartib-qoidalaridan o'tish, marshrut bo'ylab tovar xavfsizligi sifatini sinovdan o'tkazish imkonini bergan hamda keyingi qatnovlargacha yuk yetkazib berish jarayonini soddalashtirish va takomillashtirish imkoniyatini ko'rsatgan.

Mamlakatlar o'rtasida «Agroekspress»ning barcha texnologik va nazorat masalasi ishlab chiqilgandan so'ng ular muntazam va to'laqonli bo'ladi.

Avvalroq O'zbekistonda go'sht va un narxi arzonlashishi, bu borada O'zbekiston va Rossiya o'rtasida 2021 yilning kuzidan «Agroekspress» tezyurar refrijerator konteynerli poezdlarda agrosanoat yuklarini tashish yo'lga qo'yilishi haqida xabar berilgan edi. Agrosanoat yuklarining poezd orqali tashilishi O'zbekistonda go'sht va un narxining arzonlashishiga sabab bo'ladi.

Shuningdek, O'zbekiston Rossiyaga meva-sabzavot yetkazib beradi. O'zbekistondan Rossiyaga dastlabki sinov agroekspresni (qariyb 40 vagon) 2021 yilning kuzida jo'natish rejalashtirilgandi. Xuddi shu temir yo'l sostavi Rossiyadan O'zbekistonga qarama-qarshi import oqimini ta‘minlab beradi. Memorandum «Uzagrologistics Centers», «Rossiya eksport markazi» AJ, «RJD Logistika» AJ bosh direktorlari Noufalbek Sabirov, Veronika Nikishina va Dmitriy Murev tomonidan imzolangan.