Shavkat Mirziyoyev 25 noyabr kuni Yevropa Ittifoqining Yevropa komissiyasi vise-prezidenti Margaritis Sxinas boshchiligidagi delegasiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xabarga ko'ra, uchrashuv avvalida YeIning yuqori darajadagi vakili davlat rahbariga Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan. O'zbekiston va YeI o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko'rib chiqilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ikki tomonlama muloqotlar, shu jumladan, iqtisodiyot, qonun ustuvorligi, demokratik yangilanishlar, inson huquqlari, xavfsizlik va boshqa ustuvor yo'nalishlarda hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Noyabr oyida O'zbekiston–EI hamkorlik kengashining navbatdagi yig'ilishi muvaffaqiyatli o'tkazilgani ta‘kidlangan.

O'zaro savdo hajmi jadal ortayotgani, Yevropa yetakchi kompaniyalarining ilg'or tajribasi va texnologiyalarini jalb qilgan holda yirik investisiya loyihalari ustida ish olib borilayotgani qayd etilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ta‘lim, xavfsizlik sohasida, terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashish borasida muhim qo'shma dasturlar amalga oshirilmoqda. O'zbekiston va YeI o'rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim bo'yicha muzokaralarni yakunlash va uni tez fursatda qabul qilish masalalariga alohida e‘tibor qaratilgan. Uchrashuvda mintaqa kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi o'rinbosarini qabul qilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Prezident Prezident Rossiya Federal kengashi davlat dumasi qo'mitasi raisini qabul qilgan.