Shavkat Mirziyoyev 25 noyabr kuni Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma‘lum bo'lishicha, davlat rahbari bosh vazir Imron Xonni tavallud kuni bilan tabriklab, unga mustahkam sog'liq, farovonlik va muvaffaqiyat, Pokiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan. Suhbat chog'ida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari hamda mamlakatlar o'rtasidagi o'zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko'rib chiqilgan.

Shuningdek, muloqotlar faollashgani, ikki tomonlama tovar ayirboshlash ko'rsatkichlari sezilarli darajada o'sgani va ishbilarmonlar o'rtasidagi kooperasiya kuchaygani qayd etilgan. Qishloq xo'jaligi mashinasozligi, farmasevtika va kimyo sanoati, to'qimachilik va qurilish materiallari tarmoqlari, boshqa sohalardagi investisiya loyihalarini ilgari surishga alohida e‘tibor qaratilgan. Yetakchilar mintaqada yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan. Bundan tashqari muloqot davomida bo'lajak uchrashuvlar rejasi ham ko'rib chiqilgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Shuningdek, davlat rahbari Ozarbayjon prezidenti bilan telefon orqali muloqot qilgani aytilgan.