Shimoliy Koreyada aholining charm plash kiyishi taqiqlandi. Bu haqda «Daily Mail» xabar berdi.

Foto: «Getty Images»

Ma‘lum qilinishicha, taqiqqa davlat rahbari Kim Chen Inning uni juda yaxshi ko'rishi sabab bo'lgan. Jumladan, Shimoliy Koreya yetakchisi suratidan nusxa ko'chirish rahbarning obro'-e‘tiboriga qarshi kurash hisoblanishi qayd etilgan.

Ta‘kidlanishicha, Kim birinchi marta 2019 yilda charm plash kiygan, shundan so'ng ular Shimoliy Koreya elitasi orasida tezda mashhur bo'lib ketgan, chunki bu ular uchun yetakchiga sodiqligini anglatgan. Ammo urf e‘tibordan chetda qolmagan, sintetik teridan yasalgan soxta plashlar tarqalgan. Shu tariqa, polisiyachilar charm plashlarni sotishni taqiqlagan va buni Kim Chen Inning tashqi ko'rinishi arzonlashishiga olib kelishi bilan izohlagan.

«Polisiya davlat rahbariga o'xshab kiyinishni ‘yuqori qadr-qimmatning obro'siga qarshi chiqishga urinishʼ deb da‘vo qilmoqda», deyiladi xabarda.

Avvalroq omma oldiga 1 oy ichida birinchi marta chiqqan Kim Chen In Gitlerga o'xshatilgandi. Shuningdek, Yaponiyada Kim Chen Inga qarshi sud jarayoni boshlangandi.