Toshkent viloyatidagi O'zbekistondagi ikkinchi eng yirik gidroelektr stansiyasi qurilishi sababli 25 noyabr kuni Pskom daryosi to'sib qo'yildi. Bu haqda «O'zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati «Bugun.uz»ga xabar berdi.

Foto: «O'zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati

Ma‘lum bo'lishicha, aksiyadorlik jamiyati tomonidan qurilayotgan «Pskom GES»ining 1-to'siq darvozasi yopilishi munosabati bilan xorijiy hamkor tashkilotlar vakillari, jamiyat boshqaruvi, ijro apparati rahbariyati, soha mutaxassislari, qurilish va pudrat tashkilotlari mas‘ullari, shuningdek, bir guruh bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida tadbir tashkil etilgan.

Qayd etilishicha, Prezidentning 2017 yil 2 maydagi «2017–2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to'g'risida»gi PQ-2947-son qaroriga asosan uzunligi 73 kilometr bo'lgan Pskom daryosida umumiy quvvati 1 320 megavatt va yillik o'rtacha ishlab chiqarishi 3 140 million kilovatt soat bo'lgan 5 ta yirik GES qurish ko'zda tutilgan. Shulardan biri Pskom GESi hisoblanishi ta‘kidlangan.

«O'zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati

Shuningdek, Pskom GES yirik ob‘ektlardan biri bo'lib, Toshkentdan shimoli-sharqda 120 kilometr masofada, Chorvoq suv omboridan 45 kilometr tepada joylashgan. GESning elektr energiya imkoniyati 400 MVt ni tashkil etishi ta‘kidlangan. Bundan tashqari, kattaligi bo'yicha Pskom GES Chorvoq GESdan keyin ikkinchi o'rinni egallashi aytilgan. Pskem GES yiliga 950 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Aytilishicha, Pskom suv ombori to'la hajmda 511,2 million metr kub suvni tashkil qilib, undan olinadigan samarali suv esa 468,9 million metr kubni tashkil qiladi. GES quvvati yiliga 300 ming tonna shartli yonilg'i o'rnini bosadi. Ta‘kidlanishicha, bu bilan 250 million metr kub tabiiy gazni tejab qolish mumkin.

2022–2026 yillar mobaynida 387,6 million dollarga teng bo'lgan to'g'on qurish ishlarini amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur to'g'onni barpo etish yuzasidan Pskom GESning 1-to'siq darvozasini yopish ishlari boshlangan. Endilikda Pskom daryosi suvi Pskom GESning 1-to'siq darvozasi orqali oqib o'tishi aytilgan. Loyiha to'liq 2026 yilda foydalanishga topshiriladi hamda yiliga o'rtacha 946,1 million kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish bo'yicha quvvatlar yaratiladi.

Avvalroq O'zbekiston Tojikiston bilan birga ikkita GES qurmoqchiligi aytilgandi. Shuningdek, O'zbekistondagi bir nechta GESlar yangidan qurilishi xabar qilingan.