Yangiliklar 16:57 | 22.09.2021

O‘zbekistonlik kurashchining doping-sinamasida taqiqlangan modda aniqlandi

O‘zbekistonlik kurashchi Madina Usmonovaning doping-sinamasida taqiqlangan modda aniqlandi. Bu haqda O‘zbkiston Milliy antidoping agentligi xabar berdi.

Foto: O‘zbkiston Milliy antidoping agentligi matbuot xizmati

Unga ko‘ra, ayollar kurashi bo‘yicha 2021 yilning aprel oyida Qozog‘istonda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik sportchi Madina Usmonovaning doping-sinamalaridan “furosemid” taqiqlangan moddasi aniqlangan.

Ushbu modda Taqiqlangan ro‘yxatning “S5. Peshob haydovchi moddalar va yashiruvchi agentlar” sinfiga mansub bo‘lib, odatda undan qisqa fursatda vazn yo‘qotish yoki boshqa taqiqlangan moddalarni iste'mol qilganini yashirish maqsadida foydalaniladi.

Hozirda xalqaro kurash sport turlari uyushmasining antidoping xizmati tomonidan ushbu holat yuzasidan tekshiruv va o‘rganish ishlari boshlangan. Tekshiruv yakuniga etgach sportchiga qanday chora ko‘rilishi bo‘yicha xabar beriladi.

Avvalroq o‘zbekistonlik og‘ir atletikachida aniqlangan doping yuzasidan tekshiruv boshlangani ma'lum qilingandi.