Yangiliklar 18:03 | 24.09.2021

O‘zbekistonda velosport mahorat maktab-internati tashkil etiladi

O‘zbekistonda Respublika velosport mahorat maktab-internati va velosipedchilar sport klubi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Prezidentning “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori (PQ–5251-son, 24.09.2021 y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, Velosport turlarini 2021–2022 yillarda rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

2022/2023 o‘quv yilidan quyidagilar tashkil etiladi:

Turizm va sport vazirligi tizimiga kiradigan Respublika velosport mahorat maktab-internati;

Qo‘shimcha 25 ta bolalar-o‘smirlar sport maktablarida hamda sportning o‘yin turlari va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida velosport turlari bo‘yicha bo‘limlar;

Buxoro, Qarshi, Navoiy va Termiz olimpiya zaxiralari kollejlarida velosport turlari bo‘yicha bo‘limlar.

Respublika velosport mahorat maktab-internati o‘quvchilarining umumiy kontingenti 100 nafarni tashkil qiladi. Mazkur maktab-internatiga velosport turlari bo‘yicha belgilangan sinov imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar 2022/2023 o‘quv yilidan har yili 5-sinfga qabul qilinadi.

2022/2023 o‘quv yilidan:

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, barcha olimpiya zaxiralari kollejlarida velosport turlari bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari bosqichma-bosqich oshirib boriladi;

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus va Farg‘ona filiallarida velosport turlari bo‘yicha bakalavriat ta'lim yo‘nalishi ochiladi. 

Shuningdek, O‘zbekiston velosport federatsiyasi huzurida O‘zbekiston professional velosipedchilar sport klubi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Qarorga ko‘ra, har yili 3 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida uzunligi 15–20 kilometrdan kam bo‘lmagan velomarafonlar tashkil qilinadi. Bundan tashqari, 2022 yildan har yili velosportning shosse (Road) va tog‘ (MTB) turlari bo‘yicha Toshkent viloyatida “Oqtosh-Chorvoq-Mountain”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Samarqand viloyatida “Save-Aral” ko‘p kunlik xalqaro velopoygalari o‘tkaziladi. 

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida veloshosse sport majmuasi quriladi. 

Avvalroq Germaniya velosport murabbiyi Tokio-2020 Olimpiadasidan chetlatilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, o‘zbekistonlik velosportchi Tokioda-2020 Olimpiya o‘yinlarida qanday natija qayd etgani ma'lum qilingandi.