Versal shahrida “Olimpiakos” futbolchisi Mate Valbuena va “Real Madrid” hujumchisi Karim Benzema o‘rtasidagi sud majlisiga Benzema kelmagani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda “RMC Sport” xabar berdi.

Foto: “News.sportbox.ru”

xabarga ko‘ra, Benzema klub o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgani uchun sudga kelmagan. Shuningdek, Valbuena holatni izohlagan.

“Bu holat olti yil davom etdi. Deyarli hamma (sudlanuvchilar) shu erda, faqat Karim kelmadi. Bu uyat, lekin nima qilish mumkin.

Biz oxirigacha boramiz. Olti yil kutdik. Biz bu ishni bo‘ynimizdan olib tashlashimiz kerak”, — degan Valbuena.

Benzema 2015 yilda Valbuenaning intim videolarini tarqatmoqchi bo‘lgan shantajchilar bilan vositachi bo‘lgani uchun gumon ostida bo‘lgan.

Agar “Real Madrid” hujumchisining aybi isbotlansa, futbolchi 5 yil maddatga ozodlikdan mahrum qilinishi, shuningdek, 75 ming evro jarima to‘lashi mumkin.

Avvalroq Benzema “Oltin to‘p” uning har doim maqsadi bo‘lgani haqida gapirgandi. Shuningdek, uning 2021/22 yilgi mavsumdagi statistikasi ma'lum bo‘lgan.