Yangiliklar 17:07 | 11.11.2021

Ro‘ziqul Berdiev va Ulug‘bek Baqoev 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator futbolchi hamda rasmiylarga nisbatan tartib-intizom choralari belgilandi.

Foto: “Nasaf” futbol klubi matbuot xizmati

Unga ko‘ra, O‘zbekiston kubogi nimchorak final doirasidagi “So‘g‘diyona”–“Nasaf” uchrashuvida “So‘g‘diyona” jamoasining bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev o‘yin davomida bir necha bor hakamlar jamoasi qaroridan o‘z noroziligini qo‘pol tarzda bildirgan. Uchrashuv yakunidan so‘ng esa “Nasaf” jamoasining 92-raqamli futbolchisi Umar Eshmurodov bilan o‘zaro tortishib qolib ommaviy janjal kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Bu esa uchrashuv yakunidan so‘ng muxlislar tomonidan uchrashuv rasmiylari va futbolchilariga har xil buyumlar uloqtirilishiga sabab bo‘lgan.

Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, “So‘g‘diyona” jamoasi vakillari Ulug‘bek Baqoev hamda Bahodir Nasimov, shuningdek, “Nasaf” klubi futbolchisi Umar Eshmurodovlar 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va ularga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

O‘zbekiston kubogi chorak final bosqichida “So‘g‘diyona”–“Nasaf” futbol klublari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida “So‘g‘diyona” futbol klubi muxlislarini muxlislik madaniyatidan chetga chiqib, stadionga turli buyumlarni uloqtirgani, stadion va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqargani, jamoa rasmiy shaxslari tomonidan stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilgani uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Intizom kodeksining 5.4-bandlariga muvofiq “So‘g‘diyona” futbol klubiga nisbatan Superliganing 25-tur doirasidagi “So‘g‘diyona”–“Nasaf” uchrashuvini tomoshabinlarsiz o‘tkazish intizom chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Superligasining 23-turi doirasidagi “Andijon”–“Nasaf” uchrashuvida mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev o‘yinning 70-daqiqasida hakamlar jamoasidan o‘z noroziligini bildirib, jamoani maydondan olib chiqib ketmoqchi bo‘lgani, lekin bir necha daqiqalik muzokaralardan so‘ng u bilan uchrashuvni davom ettirishga kelishilgani, natijada Intizom kodeksining bir necha bandlarini buzilgani aniqlandi.

Bundan tashqari, Ro‘ziqul Berdiev uchrashuvning 90+3 daqiqasida muxlislarga nisbatan nojo‘ya so‘zlar ishlatgani, ushbu holat bilan ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilik e'tiroziga sabab bo‘lgani uchun Ro‘ziqul Berdiev 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va unga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Qo‘mitaga “Bunyodkor” futbol klubi tomonidan xat kelib tushgan. Unda “Bunyodkor” futbol klubi Superliganing 22-tur doirasidagi “Navbahor lochinlari”–“Bunyodkor” uchrashuvida “Navbahor lochinlari” jamoasi futbolchisi Sardor Telyakov uchrashuvning 19-daqiqasida raqib o‘yinchisiga nisbatan o‘yin qoidasini jiddiy tarzda buzgani, lekin bu vaziyatda hakam Sardor Telyakovga nisbatan hech qanday ogohlantirish yoki chetlatish qo‘llamaganligi ta'kidlangan. “Bunyodkor” futbol klubi Tartib-intizom qo‘mitasidan Sardor Telyakov nisbatan tegishli chora ko‘rishni so‘ragan.

“2021 yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar Reglamenti”ning 16.3-bandida belgilangan muddatda kiritilmagan hamda uchrashuv qaydnomasida qayd etilmagan shikoyat yoki e'tirozlar ko‘rib chiqilmasligi qayd etilgani uchun Tartib-intizom qo‘mitasi “Bunyodkor” futbol klubining mazkur shikoyat xatini ko‘rib chiqilmasligini lozim topadi.

Avvalroq Ro‘ziqul Berdiev Superligada oktyabr oyining eng yaxshi murabbiyi deb topilgandi. Shuningdek, Superligada oktyabr oyining eng chiroyli goli va futbolchisi nomi ma'lum bo‘lgandi.