O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtor Toshho‘jaev Osiyo paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Zoom platformasi orqali 30 noyabr – 1 dekabr kunlariga mo‘ljallangan Osiyo paralimpiya qo‘mitasining Bosh assambleyasi o‘tkazilmoqda.

Assambleyada Osiyo qit'asining 45 mamlakatidan Paralimpiya qo‘mitalari rahbarlari ishtirok etmoqda. Assambleyaning navbatdagi ish kunida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtor Toshho‘jaev delegatsiya a'zolari tomonidan bir ovozdan Osiyo paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.

Shu tariqa, O‘zbekiston vakili ilk marotaba Osiyo paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.

Avvalroq O‘zbekistonda yangi sport federatsiyasi tashkil etilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, O‘zbekiston kriket federatsiyasi Pokiston kriket kengashi bilan hamkorlik memorandumi imzolagani ma'lum qilingandi.