Yangiliklar 0:09 | 07.12.2021

AQSh xitoyda o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga diplomatik boykot e'lon qildi

Oq uy 2022 yilda Pekinda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlariga AQSh diplomatik boykot e'lon qilganini ma'lum qildi. Bu haqda “CNN” xabar berdi.

Foto: “Sport24.ru”

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki Bayden ma'muriyati xitoyning Shinjondagi inson huquqlari buzilishiga qarshi bayonot sifatida Pekinda 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan Qishki Olimpiada o‘yinlariga hech qanday diplomatik vakil yubormasligini ma'lum qilgan.

“Bayden ma'muriyati xitoyning Shinjonda davom etayotgan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarini hisobga olib, Pekinda 2022 yilgi Qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga hech qanday diplomatik yoki rasmiy vakolatxona yubormaydi”, — degan Psaki.

Psakining qo‘shimcha qilishicha, AQSh sport jamoasi ma'muriyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi va ular musobaqada ishtirok etadi.

Avvalroq Avstraliya xitoydagi Olimpiadani boykot qilishga qo‘shilmoqchi ekani haqida xabar berilgan. Shuningdek, xitoylik xokkeychilar o‘z mamlakatida o‘tadigan Olimpiadadan chetlatilishi mumkinligi ma'lum qilingandi.