Yangiliklar 16:07 | 16.12.2021

O‘zbekiston AQSh boshlagan boykotga qo‘shilmadi

Pekin shahrida start oladigan XXIV Qishki Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga roppa-rosa 50 kun qoldi. Ayni paytda o‘zbekistonlik sportchilarning Pekin-2022 qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarligi qizg‘in davom etmoqda, deb xabar bermoqda MOQ axborot xizmati.

Foto: “Bugun.uz”

“Bugun.uz” manbasiga ko‘ra, AQSh tomonidan ilgari surilgan Pekin Qishki olimpiadasini diplomatik boykot qilish tashabbusi O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydi.

Avvalroq, Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki AQSh prezidenti Bayden ma'muriyati xitoyning Shinjondagi inson huquqlari buzilishiga qarshi bayonot sifatida 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan Qishki olimpiada o‘yinlariga hech qanday diplomatik vakil yubormasligini ma'lum qilgandi. Shunga qaramay, AQSh sport jamoasi ma'muriyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi va ular musobaqada ishtirok etadi.

MOQ xabariga ko‘ra, shu kunlarda Rossiyada (Abzakovo va Magnitogorsk chang‘i markazlarida) tog‘ chang‘isi bo‘yicha saralash musobaqalari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, ushbu oy oxirida O‘zbekiston vakillari Eronda yana bir turnirda qatnashishi ko‘zda tutilgan.

“Pekin-2022 yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishga tog‘ chang‘isi bo‘yicha terma jamoamiz vakillari Komiljon To‘xtaev va Valeriya Kovaleva asosiy da'vogar bo‘lib turishibdi. Arman Gayupov va Ra'no Raimqulova ularga zaxira sifatida tayyorlanishmoqda. Qayd etish joiz, xalqaro chang‘ichilar federatsiyasi saytida Komiljon To‘xtaev litsenzion hududda qayd etilgan. Yakuniy litsenziatlar kelasi yilning 17 yanvar kuni rasman e'lon qilinadi. Reglamentga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta yo‘llanma (1 erkak va 1 ayol) qo‘lga kiritishi mumkin”, – deyiladi qo‘mita xabarida.

Avvalroq AQSh xitoyda o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga diplomatik boykot e'lon qilgandi. Shuningdek, Avstraliya xitoydagi Olimpiadani boykot qilishga qo‘shilmoqchi ekani haqida xabar berilgandi.