Yangiliklar 20:18 | 28.12.2021

Nodirbek Abdusattorov amaldagi Jahon chempioni Magnus Karlsenni mag‘lub etdi

O‘zbekistonlik 17 yoshli grossmeyster Nodirbek Abdusattorov amaldagi Jahon chempioni Magnus Karlsenni mag‘lub etdi.

Foto: “Getty Images”

Polshaning Varshava shahrida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov 10-partiya o‘yinini o‘tkazdi. Shaxmatchi oq donalarda amaldagi mutlaq Jahon chempioni va Jahon toji egasi Magnus Karlsenni rapid yo‘nalishidagi jahon chempionati doirasidagi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchratdi.

Bu natija bilan u musobaqada ham etakchilikni o‘z qo‘liga oldi. Endi Nodirbek hisobida 10 imkoniyatdan 8 ochko mavjud.

Eslatib o‘tamiz, turnirda dunyoning 43 ta davlatidan 130 nafar grossmeyster ishtirok etmoqda. Jami ishtirokchilar soni 150 nafardan ortadi.

Avvalroq Abdusattorov Ispaniyadagi xalqaro turnir g‘olibi bo‘lgani haqida xabar berilgan. Shuningdek, Shaxmat bo‘yicha “Prezident kubogi” xalqaro turniri yakunlangani ma'lum qilingandi.