Yangiliklar 18:56 | 12.01.2022

“Bunyodkor” yarim himoyachi va darvozabon bilan shartnoma imzoladi

“Bunyodkor” yarim himoyachi Usmonali Ismonaliev va darvozabon Suhrob Sultonov bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

“Andijon” safida Superligada 43 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta golga mualliflik qilgan yarim himoyachi Usmonali Ismonaliev faoliyatini “Bunyodkor”da davom ettiradi. Futbolchi bilan ikki yil muddatga mo‘ljallangan shartnoma tuzildi.

So‘nggi uch mavsumni Olmaliqning “AGMK” klubida o‘tkazgan darvozabon Suhrob Sultonov erkin agent sifatida “Bunyodkor” a'zosiga aylandi. Darvozabon bilan ikki yillik shartnoma imzolandi.

Avvalroq “Metallurg” o‘z tarkibiga ikki nafar yangi o‘yinchini qo‘shib olgani ma'lum qilingandi. Shuningdek, Serbiyalik mutaxassis “Dinamo” bosh murabbiyi etib tayinlangani haqida xabar berilgan.