Yangiliklar 20:49 | 13.01.2022

Ronaldu yosh futbolchilarga maslahat berdi

Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu yosh futbolchilarga maslahat berdi. Bu haqda “Manchester Evening News” xabar berdi.

Foto: “Getty Images”

Portugaliyalik futbolchi shaxsiyat asosiy narsa ekanini aytdi.

“Etilgan, yoshi katta futbolchilar har doim yosh futbolchiga yordam bera oladi. To‘g‘ri, minus tomonlari bor. Masalan maslahat beraman, lekin amalda qo‘llamasangiz qiyin bo‘ladi.

Siz kun bo‘yi odamlar bilan gaplashishingiz mumkin. Agar uning o‘zida xohish bo‘lmasa, unda biror narsani o‘zgartirish mumkin emas. Esimda, 18, 19, 20 yoshimda men bilan yoshi kattaroq futbolchilar gaplashardi.

Men o‘zimga shunday dedim: ‘Krishtianu, o‘zing yaxshilanishing kerakligini bilasan. Ular sendan ko‘ra ko‘proq biladi, sendan ko‘ra tajribaliroq’. Ular allaqachon ko‘p yomon kunlarni boshdan kechirgan.

Lekin ayrim yosh futbolchilar tanqidni to‘g‘ri qabul qilmaydi. Buni o‘z futbolchilarimizga nisbatan emas, umuman olganda aytyapman. Mening bolalarim bor, men nima haqida gapirayotganimni bilaman. Ba'zida siz biroz qattiqroq bo‘lsangiz, ular buning aksini qiladi. Suhbatda to‘g‘ri muvozanatni topishingiz kerak.

Lekin mening fikrimcha, asosiysi, hamma narsa ichdan chiqishi kerak. Siz o‘zingiz bilan faxrlanishingiz kerak, oynaga qarang va ayting: ‘Eshiting, men hamma narsani berdim’. Men buni hammamiz qilishimiz kerak deb o‘ylayman.

Bu yangi yil, biz sahifani varaqlayapmiz. Bizda g‘alaba qozonish uchun ko‘p narsa bor. Biz bunga ishonishimiz kerak, agar bo‘lmasa, bu dahshatli tush bo‘ladi.

Shaxsiyat bu asosiy narsa. Biz yordam berish uchun shu erdamiz. Agar kimdir mening yordamim, qo‘llab-quvvatlashim, maslahatimga muhtoj bo‘lsa, men birinchi bo‘lib yordam beraman. Ammo mening yordamim kerak bo‘lmasa, o‘z ishing bilan shug‘ullan, o‘zingni qidir va jamoaga qo‘ldan kelgancha yordam ber”, — dedi Krishtianu Ronaldu.

Avvalroq Ronaldu “Aston Villa”ga qarshi o‘yinda maydonga tushmoqchi ekanini aytgandi.